Malayziya OAV Sharq va Gʻarb sarmoyadorlarini jalb qilish maqsadida ochilgan Oʻzbekiston mahsulotlari shou-rumi haqida

    OAV O‘zbеkiston haqida 24 Avgust 2022 1643

    Malayziyaning “The New Straits Times” gazetasi sahifasida “Oʻzbekistonning Malayziyadagi elchixonasi «Alpha Group” kompaniyasi koʻmagida Sharq va Gʻarb investorlarini jalb qilmoqda» sarlavhali maqola chop etildi.

    “Oʻzbekiston elchixonasi Malayziyaning «Alpha Group” kompaniyasi bilan hamkorlikda Sharq va Gʻarb sarmoyadorlarini jalb etish maqsadida oʻzbek mahsulotlari shou-rumini ishga tushirdi, deb yozadi nashr. Shou-rumda Markaziy Osiyoning mazkur davlatida qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, avtomobilsozlik, yuqori texnologiyalar, toʻqimachilik va taʼlim sohalaridagi mavjud imkoniyatlar namoyish etilyapti».

    Maqolada taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Malayziya bilan savdoda eksport koʻrsatkichlari boʻyicha Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchi oʻrinni egallaydi. Eksport tarkibi kimyo, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik mahsulotlari va xizmatlaridan iborat. “Oʻz navbatida, Oʻzbekistonga palma yogʻi, kauchuk, neft-gaz va kimyo mahsulotlari, shuningdek, asbob-uskunalar, va mebel ishlab chiqarish liniyalari import qilinadi”, deb yozadi nashr.

    Muallif shou-rumni ochishdan koʻzlangan maqsad Oʻzbekiston imkoniyatlari, jumladan, turizm, sarmoya va xizmat koʻrsatishga oid imkoniyatlar bilan Malayziya ishbilarmonlarining xabardorligini oshirish bilan izohlanishi alohida qayd etilgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    “The New Straits Times” gazetasi 1845-yili Malayziyaning ingliz tilida chop etiladigan yagona nashri sifatida tashkil etilgan. Uning kundalik adadi 200 ming nusxadan iborat. Bundan tashqari, gazetaning 5 milliondan ortiq obunachiga ega boʻlgan veb-sahifasi ham mavjud.