Oʻzbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi bilan Malayziya Turizm, sanʼat va madaniyat vazirligi oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

Sayyohlik mahsulotlari va xizmatlarini oʻzaro ommalashtirish, mehmonxona biznesi va turistik obyektlar menejmenti sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish maqsadida ikki mamlakat sayyohlik kompaniyalari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Musulmon turizmi standartlarini ishlab chiqish va “ziyorat turizmi” mahsulotlarini yaratish boʻyicha tajriba almashish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Muzokaralarda tomonlarning UNESCO va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi oʻzaro munosabatlarining ayrim masalalari ham muhokama qilindi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.