Malayziya va Indoneziyada Qashqadaryo viloyati ziyorat turizmi kunlari oʻtkaziladi

    Turizm 19 Dekabr 2021 1278

    Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan hamkorlikda jurnalist va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.

    Dastlab press-tur ishtirokchilari Qarshi tumanidagi Abu Muin Nasafiy ziyoratgohiga tashrif buyurdilar. Islom olamida “Sayful Haq”, yaʼni “Haqning qilichi” nomi bilan eʼtirof etiladigan bobokalonimiz haqida batafsil maʼlumot berildi.

    -Ushbu ziyoratgoh davlatimiz rahbari tashbbusi bilan obodonlashtirilib, bu yerga keluvchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi, - deydi viloyat hokimi oʻrinbosari Azamat Avazov. - Bu maqsadlar uchun 17 milliard soʻmlik mablagʻ sarflandi. Bu yerda kutubxona, masjid va muzey ham barpo etildi.

    Kelgusi yili fevral oyida Malayziya va Indoneziyada viloyatimizning ziyorat turizmi kunlarini oʻtkazishga hozirlik koʻryapmiz. Buning uchun maxsus geoportal ishga tushirilmoqda. Shuningdek, Turkiya va Misrda ham viloyatimiz ziyorat turizmini keng targʻib qilyapmiz.

    Shu orqali yiliga sayyohlar oqimini 500 mingga koʻtarishni reja qilganmiz.