Malayziyadagi Xalqaro Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti xuzuridagi Islom sivilizatsiyasi kutubxonasidan Abu Rayhon Beruniyning “At-Tafhim” asarining toʻqqiz asrlik va Abulqosim Firdavsiy qalamiga mansub “Shohnoma” asarining salkam olti asrlik qoʻlyozmalari topildi.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktor oʻrinbosari Firdavs Halimovning xabar berishicha, samo jismlarini oʻrganish masalalariga bagʻishlangan bu asar fors tilida yozilgan boʻlib, 1197-yilda koʻchirilgan.
— Biz Oʻzbekistonning Malayziyadagi favqulodda va muxtor elchisi Karomidin Gadoyev bilan Kuala-Lumpurdagi Islom sivilizatsiyasi kutubxonasiga bordik. Bu yerda bevosita Oʻzbekiston madaniy merosiga oid qoʻlyozmalar ham borligiga amin boʻldik. Qoʻlyozmalardan biri bu alloma Abu Rayhon Beruniy qalamiga mansub boʻlgan «At-Tafhim« asaridir. Fors tilidagi, samo jismlarini oʻrganish masalalariga bagʻishlangan bu asar 1197-yilda koʻchirilgan, — dey u.
Ikkinchi qoʻlyozma Abulqosim Firdavsiyning «Shohnoma« asarining oʻrta asrlarda koʻchirilgan qoʻlyozmasidir. Qoʻlyozma nastaʼliq xatida temuriylar kitobat sanʼatiga xos uslubda koʻchirilgan boʻlib, undan 29 ta miniatyura oʻrin olgan. Ushbu miniatyuralarda Kamoliddin Behzod maktabiga xos unsurlar koʻzga tashlanadi.
Mazkur qoʻlyozmalar qayerda va kim tomonidan koʻchirilgani hozircha nomaʼlum.
Maʼlum qilinishicha, ular oʻn yilcha ilgari Niderlandiyada oʻtkazilgan auksion savdosi orqali sotib olinib Malayziyaga keltirilgan.
Kutubxona rahbariyati mazkur qoʻlyozmalarning nusxalarini Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markaziga fondiga topshirishlarini maʼlum qildi.