Malayziya 1-maydan boshlab mamlakatda COVID-19 pandemiyasi boshlanganidan beri joriy qilingan cheklovlarning aksariyat qismini bekor qiladi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Mamlakat Sogʻliqni saqlash vaziri Xayri Jamoliddin bu boʻyicha maʼlumot bergan. Rasmiy tibbiy niqob taqish va ijtimoiy masofa saqlash bekor qilinishini aytgan. Bundan tashqari, emlanmaganlar vaksina olganlar bilan teng ravishda har qanday tadbirda qatnashishi mumkin boʻladi. Shuningdek, doʻkonlar va umumiy ovqatlanish muassasalariga kirishda emlanganalik sertifikatlarini tekshirish ham bekor qilinadi.

“Endi emlanish holati emas, balki koronavirus infeksiyasi tekshiriladi. Biroq, karantinidagi va vaktsinatsiyalanmagan sayohatchilarga Malayziyaga kirish hali ham taqiqlanmoqda”, degan rasmiy.

Yangi qoidalarga koʻra, karantindagi fuqarolar ekspress-testdan salbiy natija olgan taqdirda, karantinni toʻrtinchi kuni tugatishi mumkin. Agar natija ijobiy boʻlsa, bir hafta davomida izolyatsiyada qolish kerak.