Malida 100 dan ortiq odam jazirama issiq tufayli hayotdan ko'z yumdi

    So'nggi haftalarda Malida kuzatilayotgan doimiy issiq havo tufayli hayotdan ko'z yumganlar soni 100 nafardan oshdi.

    Birgina poytaxt Bamakodagi Gabriel Ture kasalxonasiga 102 kishi joylashtirildi, ular keyinchalik vafot etishdi.

    O'tgan haftada mamlakat janubi-g'arbidagi Kayes shahrida Selsiy shkalasi bo'yicha 48,5 daraja havo harorati qayd etildi, bu kuzatuv davrida butun Afrika bo'ylab aprel oyi uchun tarixiy maksimal darajadir.

    Mutaxassislar Malidagi misli ko'rilmagan issiqlikni El-Nino ob-havo hodisasi bilan bog'lashmoqda. Afrikalik meteorologlarning ogohlantirishicha, El-Nino shu yilning iyuligacha dunyoning turli mintaqalarida ob-havoga faol ta'sir qiladi, shundan so'ng uning ta'siri pasaya boshlaydi, deb xabar beradi tass.ru.