Malta sayyohlarga mukofot puli toʻlaydi

    Mamlakatga kelib, kamida uch kun turgan sayyohlar 200 yevrogacha olishlari mumkin

    Malta hukumati yoz oylarida mamlakatga kelib, kamida uch kun turgan sayyohlarga 200 yevrogacha toʻlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Reuters xabar bergan.

    9-aprel kuni turizm vaziri Kleyton Bartolo mamlakatda koronavirus bilan bogʻliq koʻplab cheklovlarning 1-iyunga kelib bekor qilinishi va mehmonxonalardan oldindan band qiluvchi sayyohlarga bonuslar berilishini koʻzda tutuvchi rejani taqdim etdi.

    Shunday qilib, oldindan joy band qilgan sayyohlar besh yulduzli mehmonxonada 200 yevro, toʻrt yulduzli mehmonxonada — 150 yevro, uch yulduzli mehmonxonada — 100 yevro miqdorida bonus oladi. Agar sayyoh Maltadan uch kilometr shimolda joylashgan Gotso orolidan biror obyektni turar joy sifatida tanlasa, bonuslar yana 10 foizga oshiriladi.

    Bu tizim xalqaro sayyohlikning tiklanib borishi bilan Malta mehmonxonalarining raqobatbardoshligini taʼminlashga qaratilgan”, deb taʼkidladi turizm vaziri.

    Maʼlumotlarga koʻra, turizm sektori bevosita va bilvosita orol davlati iqtisodiyotining 27 foizini tashkil qiladi, lekin pandemiya sababli soha faoliyati deyarli toʻxtab qoldi. 2019-yilda Maltaga 2,7 million sayyoh tashrif buyurgan boʻlsa, 2020-yilda bu koʻrsatkich 80 foizga tushib ketgan edi.