Joriy yil 25-mart kuni poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan uyushma aʼzosi, ustoz jurnalist Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Mamatqul Hazratqulovning “Qirgʻoqsiz daryolar” va “Varaqsiz daftar” nomli badiiy publitsistik asarlari taqdimoti boʻlib oʻtdi.
M.Hazratqulovning “Varaqsiz daftar” badiiy publitsistik asarida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar samaralari talqin etilgan boʻlsa, “Qirgʻoqsiz daryolar” kitobida adabiyotimiz va sanʼatimizning dargʻalari hayoti va ijodi, xulqining ibratli jihatlari haqidagi esselar oʻrin olgan.
Muallif oʻzi bevosita ishtirok etgan qiziqarli voqealar, koʻrgan-kechirganlari haqida, muhim qarorlar qabul qilishdagi murakkab holatlar toʻgʻrisida ravon tilda hikoya qilar ekan, ularni bugungi dorulamon zamon bilan taqqoslaydi va shu kunlarga yetkazgani uchun shukrona qiladi.
Taqdimotni olib borgan Uyushma raisi v.b. Xolmurod Salimov mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida kitobxonlik madaniyati va kitob targʻibotiga alohida eʼtibor qaratilayotgani, bu borada ijodkorlarning oʻrni, jumladan, ustoz jurnalist, taniqli adib Mamatqul Hazratqulovning “Qirgʻoqsiz daryolar”, “Varaqsiz daftar” kitoblari mazmun mohiyati haqida qisqacha soʻz yuritdi.
Taqdimotda Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxoʻja, taniqli adib Erkin Aʼzam, “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari bosh muharriri Oʻtkir Rahmat va boshqalar oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.
Mazkur kitoblar tajribali jurnalistning koʻp yillik ijodini oʻzida mujassam qilgani bilan ham qadrlidir. Vatanimiz taqdiriga va oʻz shaxsining takomillashishiga befarq boʻlmagan keng kitobxonlar ommasiga moʻljallangan. Ayniqsa, jurnalistika sohasida faoliyat yuritayotgan kishilarga yoxud shu yoʻnalishda taʼlim olayotgan talabalarga bu kitoblar yaxshigina uslubiy qoʻllanma boʻlib xizmat qiladi.