Mamlakatda 17 milliondan oshiq ayol istiqomat qiladi. Ulardan 433 ming nafari “Ayollar daftari”ga kiritilgan

    Ijtimoiy hayot 1 Mart 2021 996

    Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi matbuot kotibi Saodat Boymirzayeva maʼlum qildi.

    Mamlakatda 17 milliondan oshiq xotin-qizlar istiqomat qiladi. Ular deyarli barcha sohalarida faol ishtirok etib, jamiyat va davlat rivojiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.

    Davlat rahbari tashabbusi bilan oʻz vaqtida joriy etilgan “Ayollar daftari”ga xotin-qizlarni kiritish orqali ayollar dardu tashvishlari, ularni oʻylantirayotgan masalalar hal etilmoqda. Jumladan, 6 mln 385 mingdan ziyod xotin-qizlar bilan yuzma-yuz muloqot qilinib, ushbu daftarga 9 ta mezon asosida 433 ming nafari kiritildi. Ularning:

    ▫️253 ming nafari – ishsiz sifatida;

    ▫️44 ming nafari – tibbiy;

    ▫️48,5 ming nafari – huquqiy va psixologik yordamga muhtoj sifatida;

    ▫️37 ming nafari – boquvchisini yoʻqotgan;

    ▫️33,5 ming nafari – nogironligi boʻlgan;

    (shundan 4,5 ming – uy-joyini taʼmirlashga muhtoj) ;

    ▫️9 ming nafari – noturar joyda yashovchi;

    ▫️8 ming nafari – nogironligi boʻlgan farzandini tarbiyalayotgan yolgʻiz ayollar sifatida roʻyxatga olingan.

    Ayni vaqtga qadar mazkur roʻyxatdagi 80 mingdan ortiq ayolning aniqlangan muammolari oʻrnatilgan tartibda hal etilgan.

    Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tomonidan ayni paytda manfaatdor vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda daftarga kiritilgan xotin-qizlar orasidagi tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagida boʻlgan 15 665 nafar ayollarning tadbirkorlik koʻnikmasi hamda moliyaviy savodxonligini oshirish maqsadida “Motivatsiya, koʻnikma va moliyaviy koʻmak” tamoyili asosida ish olib borilmoqda. Xususan, Xalq banki bilan hamkorlikda ayollar tadbirkorligiga mos boʻlgan 60 ta namunaviy “biznes reja”larni ommalashtirish ishlarini yoʻlga qoʻyilmoqda.