Mamlakatimiz bayrogʻi doimo baland va magʻrur hilpirab tursin

    Davlatimiz bayrogʻi – oʻtmish, bugun va kelajagimizning yorqin timsoli.

    Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli hisoblanadi. Buyuk ajdodlarimiz ham yurt bayrogʻini muqaddas bilib, uni ardoqlaganlar, koʻz qorachigʻidek asraganlar. Davlatchiligimiz tarixining qaysi davrini olib qaramaylik, bayroq ajdodlarimiz uchun ozodlik, kuch-qudrat, jasorat, gʻalaba timsoli boʻlgan.

    Vatanimiz mustaqillikka erishgach, 1991-yil 18-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 8-sessiyasida “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi.

    Mazkur hujjatda taʼkidlanganidek, milliy bayrogʻimiz davlat suvereniteti ramzlaridan biridir. U 30 yildan beri mamlakatimiz Prezidenti Devoni, Oliy Majlis palatalari, hukumat binosi, mahalliy boshqaruv idoralari, Oʻzbekiston aʼzo boʻlgan xalqaro tashkilotlar, yurtimizning oʻnlab xorijiy davlatlaridagi diplomatiya va savdo vakolatxonalari, konsullik muassasalarida, jumladan, oliy taʼlim muassasalarida hilpirab turibdi. Yer yuzida ikki yuzdan ortiq davlat boʻlsa, albatta, har bir davlatning oʻz ramzlari, bayrogʻi bor. Har bir bayroq ayricha rang va timsollarga ega. Ular bilan yonma-yon balqib turgan bayrogʻimiz hech kimdan kam emasligimiz va kam boʻlmasligimizni koʻrsatib turadi.

    Prezidentimizning xorijiy mamlakatlarga rasmiy tashriflari davomida bayrogʻimiz oʻsha yurt koʻchalarini bezaydi. Turli bayram tantanalarida, yurtimiz delegatsiyalari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning shaʼni, xalqimizning gʻurur va iftixorini yorqin aks ettiradi. Yurtimizdagi bayram shodiyonalari, tantanalari chogʻida koʻchalarimizga koʻrk bagʻishlab turgan bayrogʻimiz har birimizda shukronalik hislarini uygʻotadi.

    Mamlakatimizda yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga qaratilayotgan ulkan eʼtibor samarasi ularoq, xalqaro miqyosda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir yoshlar safi tobora kengayib bormoqda. Ayniqsa, turli sport musobaqalarida gʻoliblikka erishgan yigit-qizlarimiz sharafiga yurt bayrogʻi baland koʻtarilmoqda. Ana shunday lahzalarda qalblarimizda Vatan tuygʻusi yanada kuchliroq joʻsh uradi, xalqimizning salohiyati, kelajagimizga ishonch yanada mustahkamlanadi.

    Davlatimiz bayrogʻidagi har bir rang, har bir belgi chuqur ramziy maʼnoga ega. Undagi moviy rang – tiriklik manbai boʻlgan obihayotni, musaffo osmonimizni, kuch-qudratimizni, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikni aks ettiradi. Oq rang – muqaddas tinchlik ramzi boʻlib, u kun charogʻonligi va koinot yoritqichlari bilan uygʻunlashib ketadi. Oq rang poklik, begʻuborlik, soflikni, orzu va xayollar tozaligi, ichki goʻzallikka intilishning timsoli. Yashil – yasharish va yangilanish, navqironlik va shodumonlik ramzi, shuning barobarida ona tabiatimiz timsolidir. Qizil chiziqlar – tomirimizda joʻshib oqayotgan ajdodlar qoni – hayotiy qudrat va davomiylik nishonasidir. Shuningdek, bunda istiqlol, ozodlik uchun qon toʻkkan erksevar ota-bobolarimizning orzu-armonlari mujassam. Bayrogʻimizdagi yarim oy va yulduzlar – tarixiy qadriyatlarimiz, umrboqiy anʼanalarimiz, maʼnaviy kuch-qudratimiz bilan bogʻliq. Hilol qoʻlga kiritilgan mustaqillik, ozodlikni ifodalaydi.

    Davlatimiz bayrogʻi – oʻtmish, bugun va kelajagimizning yorqin timsoli. Qonunda belgilanganidek, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek, Oʻzbekistonda yashaydigan boshqa shaxslar bayrogʻimizni hurmat qilishlari lozimdir. Zero, unda ruhiyatimiz, gʻurur va iftixorimiz Vatanimiz va xalqimizga boʻlgan cheksiz mehr-muhabbatimiz, kelajakka ishonchimiz mujassamdir.

    Ilhomjon Toʻxtasinov,

    Samarqand davlat chet tillar instituti rektori