Mamlakatimiz bo‘ylab salomatlik sayillariga start berildi

    Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yurtimizda salomatlik sayillari oyligi e’lon qilindi.

    Mamlakatimizdagi jami 208 ta tuman va shaharda respublikadan jalb qilingan 300 nafarga yaqin nufuzli mutaxassislar, shuningdek, 17,5 ming tibbiy brigada va 175 ming nafardan ziyod mahalliy tibbiyot xodimlari ishtirokida profilaktik tibbiy koʻriklar, skrining dasturlari va sogʻlomlashtirish tadbirlari tashkil etiladi.

    Ijtimoiy himoyaga muhtoj, surunkali kasalligi bor bemorlarni hududlarning oʻzida belgilangan tartibda yuqori texnologik muolajalar orqali sogʻlomlashtirish choralari koʻriladi.

    Salomatlik sayillari har bir hududda 2 bosqichda oʻtkaziladi.

    Birinchi bosqichda aholi ommaviy tibbiy koʻriklarga jalb etiladi.

    Ikkinchi bosqichda yuqori texnologiyali tibbiy yordamga muhtoj fuqarolarda ixtisoslashtirilgan markazlarning malakali mutaxassislari ishtirokida zarur amaliyotlar bajariladi.

    “Toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzi” umummilliy harakati debochasi sifatida boshlangan ushbu tadbirlar doirasida profilaktik va skrining tekshiruvlar oʻtkaziladi.

    Koʻriklar davomida:

    1-18 yoshli bolalar;
    18- 40 yoshli fuqarolar;
    15-49 yoshli fertil yoshdagi ayollarda chuqurlashtirilgan tibbiy va profilaktik tadbirlar amalga oshiriladi.

    Skrining dasturlari:

    2-10 yoshli bolalarda gelmintoz;
    3-18 yoshli bolalarda onkogematologik kasalliklar;
    40 va undan katta yoshdagi aholida yuqumli boʻlmagan xastaliklar;
    35 yoshdan katta ayollarda onkologik kasalliklarni erta aniqlash maqsadida tashkillashtiriladi.

    Surunkali xastaligi bor, viloyat va respublika darajasidagi tibbiy yordamga muhtoj bemorlar koʻp tarmoqli poliklinikalardagi koʻriklarga taklif etiladi.

    Oʻzgalar parvarishiga muhtoj keksalar, yotib qolgan nogironligi bor shaxslar uchun mutaxassislar tomonidan xonadonlarda sayyor tekshiruvlar tashkil etiladi.

    Koʻriklar natijasida kasallik aniqlangan fuqarolar uchun individual sogʻlomlashtirish rejasi tuziladi. Unga muvofiq, bemorlar ambulator, uy shifoxonasi yoki kunduzgi shifoxona sharoitida, tuman–viloyat–respublika darajasida davolanuvchi toifalarga ajratiladi.

    Ambulator, uy shifoxona va kunduzgi shifoxonada davolanadigan bemorlarga poliklinika va oilaviy shifokor punktlari orqali mavjud dori-darmon va sarflov materiallari bepul beriladi.

    Tuman va viloyat darajasida davolanadigan bemorlarga tegishli yoʻllanmalar rasmiylashtiriladi.

    Respublika ishchi guruhlari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholida koʻrsatmaga asosan hududning oʻzida yuqori texnologik muolajalar oʻtkaziladi.

    Ommaviy koʻriklar roʻzador bemorlarga qulaylik yaratish maqsadida soat 10:00 dan 16:00 gacha etib belgilandi.

    Salomatlik sayillari lokatsiyasi tuman markazlaridagi soya-salqin, bahavo bogʻlarda yoki tibbiyot muassasalari hududlarida boʻlishiga alohida eʼtibor beriladi.

    Keyinchalik muntazam oʻtkazib borilishi kutilayotgan oylik doirasida 7-aprel — Xalqaro salomatlik kuni munosabati bilan aholi koʻp toʻplanadigan jamoat joylari – bozor, supermarket, xiyobon, park va bogʻlarda:

    “Salomatlik maydonchasi”;
    “Sogʻlom ovqatlanish yarmarkasi”;
    “Biz tamakiga qarshimiz” aksiyalari;

    taʼlim muassasalarida:

    “Toza qoʻllar”;
    “Jozibador tabassum”;
    “Mening sogʻlom likopcham” kabi tadbirlar oʻtkaziladi.