Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev boshchiligidagi oliy taʼlim muassasalari rektorlari, prorektorlar mazkur forumda qatnashmoqda.
Mazkur xizmat safari davomida delegatsiya aʼzolari xorijiy tajribani oʻrganish va hamkorlikni faollashtirish maqsadida Yaponiyaning bir qator universitetlari vakillari bilan uchrashdilar, xorijiy hamkorlar bilan amaliy ahamiyatga ega boʻlgan loyihalarni muhokama qildilar.
Oʻzbekiston milliy universiteti Yaponiyaning Soko, Kyusyu, Tekyo, Kanazava kabi bir qator universitetlari bilan hamkorlik olib bormoqda. Jumladan, Osaka universiteti professori Katsuxiro Nakamuro va Kyusyu universiteti professsori Koxei Torikai kimyo fakultetida oʻrindoshlik asosida faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, Yaponiyaning JDS dasturi doirasida OʻzMUning 12 nafar talabasi Yaponiya universitetlarida magistratura mutaxassisligi boʻyicha tahsil olmoqda.
Mazkur forumda OʻzMU rektori Inomjon Majidov Yaponiyaning yetakchi universitetlaridan Soko universiteti, Sofiya universiteti, Nanzan universiteti rektorlari va vakillari bilan uchrashib, universitetlar oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, asosan, talabalar akademik mobilligini yoʻlga qoʻyish, professor-oʻqituvchilarni oʻquv jarayoniga taklif qilish, hamkorlikda ilmiy loyihalarda ishtirok etish, nufuzli jurnallarda hammualliflikda maqola nashr qilish kabi bir qator masalalarni hal etish borasida muzokara olib bordi.
OʻzMU va Soko universiteti oʻrtasida 2019-yili hamkorlik memorandumi imzolangan. Mazkur uchrashuvda hamkorlikni faollashtirish borasida ham fikr almashildi. Xususan, qoʻshma loyihalar, akademik va ilmiy dasturlarni yoʻlga qoʻyish, qisqa muddatli stajirovka oʻtash, maʼruza oʻqish, seminar, mahorat darslarini oʻtkazish boʻyicha ham takliflar koʻrib chiqildi.
Universitetlarda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, dunyoning yetakchi universitetlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish taʼlim tizimini yanada rivojlanishiga, xorijning ilgʻor innovatsion yondashuvlarini amaliyotga tatbiq etishga va oʻzaro tajriba almashish uchun yangi imkoniyatlar ochilishiga olib keladi. Bu esa, oʻz navbatida, mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalarining xalqaro taʼlim bozorida oʻz oʻrnini egallashiga yoʻl ochadi.
Raima SHIRINOVA,
Oʻzbekiston milliy universitetining
xalqaro aloqalar boʻyicha prorektori