Mamlakatimiz eksport geografiyasi ortib bormoqda

    Biznes 10 Noyabr 2023 846

    Italiya va Latviyaga ipakdan ayollar koʻylagi, Kamerunga mis sim mahsulotlari, Turkiya va Eronga tikuv mashinasi, Moldovaga kir yuvish mashinasi, Isroilga milliy cholgʻu asboblari, Koreyaga mosh uni hamda Angolaga avtomobil ehtiyot qismlari ilk marta yetkazib berildi.

    Soʻnggi davrda savdoni rivojlantirish Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlarning asosiy yoʻnalishi sifatida qaralmoqda. Hukumat ushbu sohani yanada isloh qilish, undagi tartib-qoidalarni soddalashtirish va optimallashtirish, tarif va tarifsiz toʻsiqlarni olib tashlash, eksport nomenklaturasi va geografiyasini kengaytirish boʻyicha bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.

    Jumladan:

    Bojxona maʼmuriyati sohasida bojxona toʻlovlari stavkalari ikki baravar kamaytirildi, 3500 dan ortiq mahsulot turlariga import stavkasi va 1000 dan ortiq turdagi mahsulotlar uchun aksiz soligʻi nolga tenglashtirildi.

    Shu bilan birga, havfni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etildi, eksport-import operatsiyalari davomida keraksiz hujjatlarni talab qilish tartibi bekor qilindi va "yagona oyna" bojxona axborot tizimi joriy etildi.

    Bu kabi ishlar soliq maʼmuriyati sohasida ham amalga oshirildi. Xususan,

    - toʻlanadigan soliqlar 13 turdan 9 turga qisqartirildi;

    - soliq organlarining soliq toʻlovchining debitorlari hisobidan soliq qarzlarini undirish huquqi bekor qilindi;

    - soliq imtiyozlari va preferensiyalari faqatgina Soliq kodeksiga binoan berilishi amaliyoti joriy etildi;

    - tadbirkorlar uchun qulay soliq tizimi yaratilib, qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 15 foizdan 12 foizga tushirildi va QQSni qaytarishning tezlashtirilgan tartibi joriy etildi;

    - soliq nizolarini sudgacha hal qilish tartibi belgilandi va soliq huquqbuzarligi turiga qarab javobgarlik choralari belgilandi;

    - aylanmadan olinadigan soliqning 4 foizdan 25 foizgacha boʻlgan stavkalari oʻrniga yagona 4 foizlik soliq stavkasi joriy etildi;

    - eksportga realizatsiya qilishdan olingan foyda toʻliq soliqdan ozod qilindi (2022-yil 1-noyabrdan);

    Soliqlarning kamaytirilishi, soliq imtyozlari natijasida mablagʻlar tadbirkorlik subyektlari hisobida qolib, ularning aylanma mablagʻlari oshdi (tadbirkorlar ixtiyorida 14 trln soʻm mablagʻ qolishi kutilmoqda).

    Bulardan tashqari soʻnggi yillarda:

    - eksportidan tushgan valyuta tushumini majburiy sotish tartibi barcha eksportchi korxonlar uchun butunlay bekor qilindi;

    - tovar va xizmatlar eksportini kafolatlangan toʻlov (oldindan toʻlov, akkreditiv, bank kafolati va sugʻurta) mavjud boʻlmasdan xorijiy valyutaga eksport qilish huquqi berildi;

    - umumiy qiymati 5 ming AQSH dollaridan koʻp boʻlmagan tovarlarni bojxona deklaratsiyasi taqdim etmasdan Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqishga ruxsat etildi;

    - mahsulotlarni eksportga realizatsiya qilish hajmiga toʻgʻri keladigan qismi yuzasidan yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi va yagona soliq toʻlovi boʻyicha imtiyozlar taqdim etildi;

    - eksportchi korxonlarga moliyaviy xizmat koʻrsatuvchi va ularni eksport yoʻnalishida zaruriy axborot bilan taminlovchi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

    Eksportni rivojlantirish hamda uni ragʻbatlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yilning oʻtgan davrida respublikada 6 031 ta korxonaning 10 558 ta murojaatiga muvofiq qoʻshilgan qiymat soligʻidan 15,4 trln soʻm salbiy farq summalari qoplab berildi.

    Bundan tashqari, ushbu davrda jami 1 249 ta eksportchi korxonaning 3 936 ta murojaatiga asosan 4,6 trln soʻm, shundan dastur doirasidagi korxonalarining 429 ta murojaati asosida 603,9 mlrd soʻm qoʻshilgan qiymat soligʻi salbiy farq summalari tezlashtirilgan tartibda qaytarib berildi.

    Shu bilan birgalikda mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlariga yaratilayotgan keng imkoniyatlardan toʻlaqonli foydalanish maqsadida Savdo sanoat palatasi tomonidan soʻnggi davrda jami 600 dan ortiq tadbirkorlik subyektlariga umumiy qiymati 548,7 mln AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlarni xorijiy mamlakatlarga eksport qilishda koʻmaklashildi.

    Kelgusida eksport va tashqi savdo yoʻnalishdagi ishlar davom etadi va nafaqat tartibga solish choralari, balki eksportni har tomonlama kengaytirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar ham tadbiq etiladi.

    Misol uchun 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi «Yangi Oʻzbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti» gʻoyasi asosida 200 ta eksportchini ochiq tanlov asosida saralab, ularni yetakchi eksportyorlarga aylantirish va har tomonlama qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari belgilangan.

    Shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorijiy davlatlarga chiqarishda koʻmaklashish tizimini takomillashtirish hisobiga eksportchi korxonalar sonini hozirgi 6 500 tadan 15 000 taga, tovarlarning eksport geografiyasini 115 tadan 150 taga yetkazish maqsad qilingan.

    Muxtasar qilib aytganda, bugungi kunda mamlakatimizda eksportni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish uchun barcha zarur imkoniyatlar yaratilgan.

    Ushbu maqsadlarda eksport qiluvchilarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi va amalga oshirildi, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-apreldagi "Tashqi savdo faoliyati ishtirokchilarini qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi Farmoni bilan mahsulotlarni eksport qilishda transport xarajatlarini qoplash uchun mahalliy korxonalarga subsidiyalar berilmoqda, akkreditatsiya va sertifikatlash bilan bogʻliq xarajatlar Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan qoplanmoqda.

    Bularning natijasidan mamlakatimiz eksport geografiyasi ham ortib bormoqda. Jumladan, ushbu koʻrsatkich 52 ta yangi davlatlar bozorlari hisobiga kengaytirilib, Italiya va Latviyaga ipakdan ayollar koʻylagi, Kamerunga mis sim mahsulotlari, Turkiya va Eronga tikuv mashinasi, Moldovaga kir yuvish mashinasi, Isroilga milliy cholgʻu asboblari, Koreyaga mosh uni hamda Angolaga avtomobil ehtiyot qismlari ilk marta yetkazib berildi.