Mamlakatimiz mintaqaviy IT-markazga aylanadi

    Bugun axborot texnologiyalari har bir jabhaga kirib borgan. Bu soha rivojlansa, boshqa sohalar ham ilgarilaydi, odamlarga qulayliklar oshadi.

    Mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarning natijadorligini yanada oshirish borasida kompyuter va telekommunikatsiya texnologiyalari, dasturiy taʼminot mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda, ular asosida keng turdagi interfaol xizmatlar koʻrsatishni oʻz ichiga olgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining roli va ahamiyati tobora ortib bormoqda.

    Shu bois, bu borada iqtisodiyot tarmoqlariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish va ulardan samarali foydalanish tizimini joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi.

    Bugungi kunda dolzarbligi oshib borayotgan axborot-kommunikatsiya tizimlarini takomillashtirishning ilmiy asoslari haqida shuni aytish mumkinki, jamiyatda ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning shakllanishi va rivojlanishi unga mos ravishda doimo ilmiy-texnikaviy taraqqiyotni ham olib keladi. Odamlar oʻz isteʼmoli va axborot almashinuvi uchun tovarlar yaratish maqsadida dastlab oddiy mehnat qurollaridan foydalangan boʻlsa, bu asta sekinlik bilan rivojlanib, bugungi kunda avtomatlashtirilgan tizimlardan ham yuqori bosqich – raqamlashtirish bosqichiga oʻtildi.

    Davlatimiz rahbari tomonidan 14-aprel kuni oʻtkazilgan axborot texnologiyalari sohasidagi natijalar va joriy yilgi vazifalar muhokamasi yuzasidan yigʻilishda ham “Bugun axborot texnologiyalari har bir jabhaga kirib borgan. Bu soha rivojlansa, boshqa sohalar ham ilgarilaydi, odamlarga qulayliklar oshadi. Shu bois soʻnggi yillarda infratuzilmani yaxshilash, malakali mutaxassislar tayyorlash boʻyicha koʻp ishlar qilindi. Xizmatlar sifati va koʻlami sezilarli oshdi.” deya taʼkidlab oʻtdi.

    Haqiqatdan ham, barcha sohalarda rivojlanish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalariga oid bilimlarni egallash bugun har qachongidan muhim. Zero, dunyoda barcha sohalarga axborot texnologiyalari chuqur kirib bormoqda. Albatta, raqamli iqtisodiyotni shakllantirish koʻp mablagʻ va mehnat resurslarini talab etadi, lekin bu ishga bugun kirishmasak, ertaga kech boʻlishi mumkin.

    Umuman olganda, mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilishda axborot texnologiyalarini rivojlantirish, bu yoʻnalishda loyihalarni amalga oshirishning zamonaviy, innovatsion usullarini izlab topish, axborotlashtirish jarayonini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ulardan foydalanishni ommalashtirish davlat faoliyatining muhimyoʻnalishlaridan biriga aylanib bormoqda.

    Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, mazkur sohada amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida birinchi oʻrinda insonlarga yaratib berilayotgan qulayliklar, kundalik turmush tarzi, davlat boshqaruvida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan unumli foydalanish imkoniyatlari yotadi.

    Umida BOʻRANOVA,

    Xalq deputatlari Forish tuman Kengashi deputati,

    Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzosi