Mamlakatimiz shimolidagi sahroda maxsus taktik oʻquvlar oʻtkazildi

    Harbiy 26 Oktabr 2022 1947

    Mudofaa jangini tashkil etish boʻyicha majmuaviy taktik oʻquvi hamda kuch tuzilmalari hamkorligidagi maxsus taktik oʻquvlar mamlakatimiz shimolida oʻtkazildi.

    Majmuaviy taktik oʻquv chegara qoʻshinlari boʻlinmalarining jangovar navbatchilikni oʻtash vaqtida toʻgʻridan-toʻgʻri shartli terrorchilar hujumini qaytarishi boʻyicha amaliy harakatlar bilan boshlandi.

    Oʻquvlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi Amanbay Orinbayev, Mudofaa vazirligi rahbariyati, harbiy okruglar vakillari, hududdagi kuch tuzilmalari mansabdorlari kuzatib bordi.

    Jangovar chiziqda joylashgan oʻquv joylarida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar hamda Sogʻliqni saqlash vazirliklari boʻlinmalari hamkorligida maxsus-taktik oʻquvlar oʻtkazildi.

    Unda shartli ravishda temir yoʻl transportida hamda koʻp qavatli binoda garovga olinganlarni ozod etish, blokpostga qilingan hujumni hamkorlikda qaytarish, merganlar juftligi harakati hamda aholi yashash punktida shartli dushmanni yakson qilish boʻyicha maxsus harakatlar namoyish etildi.

    Oʻquv soʻngida mehmonlar harbiy okrugda mavjud boʻlgan zamonaviy texnika hamda poligon hududida yangidan barpo etilgan ekstremal sharoitlarda yashovchanlik shaharchasi bilan yaqindan tanishishdi.

    Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati