Butun mehnat faoliyati davomida Navoiy kon-metallurgiya kombinatida fidokorona xizmat qilgan mohir ekskavatorchi-mashinist, mehnat faxriysi, Oʻzbekiston Qahramoni Anatoliy Nikolayevich Panin shu yil 21-oktyabrda 72 yoshida vafot etdi.
A.Panin 1949-yil 12-mart kuni Rossiya Federatsiyasining Tula viloyatidagi Uzlov tumanida tugʻildi. Oʻrta maktabni tugatib, dastlab Don shahridagi kasb-texnika maktabida, keyinchalik Navoiy kasb-hunar texnikumida tahsil oldi.
Butun hayoti va mehnat faoliyatini Oʻzbekiston togʻ-kon sanoati rivojiga bagʻishlagan A.Panin Navoiy kon-metallurgiya kombinatining Shimoliy kon boshqarmasiga qarashli “Sharqiy” karyerida ish boshlab, koʻp yillar davomida ekskavator mashinisti, mashinistlar brigadiri, uchastka ustasi vazifalarida samarali xizmat qildi.
Oʻz kasbining haqiqiy jonkuyari boʻlgan A.Panin boy bilim va tajribasi, barchaga ibrat boʻladigan mehnatsevarlik, mardlik va matonat, jonajon Vatanimizga muhabbat singari yuksak insoniy fazilatlari bilan nafaqat konchilar jamoatchiligi, balki koʻp millatli xalqimizning hurmat-eʼtiboriga sazovor boʻldi.
U Qizilqum sahrosi bagʻridagi noyob qazilma boyliklarini oʻzlashtirishda jonbozlik koʻrsatdi.
A.Panin ayniqsa mustaqillik yillarida sharafli mehnati, shaxsiy ibrati, jamoatchilik ishlaridagi faol ishtiroki bilan iqtisodiyotimizning muhim strategik yoʻnalishi boʻlgan togʻ-kon sanoati rivojini yangi bosqichga olib chiqish, ushbu tarmoqda yangicha ishlab chiqarish munosabatlari va anʼanalarini shakllantirishga munosib hissa qoʻshdi.
Ayni paytda yosh konchilar avlodini tarbiyalash, oʻzi istiqomat qilgan Uchquduq tumanini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish, ishlab chiqarishda yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishishda uning xizmatlari katta boʻldi.
Keyingi yillarda xalq deputatlari Uchquduq tumani Kengashi deputati sifatida hududda islohotlarni amalga oshirish, aholini ijtimoiy himoya qilish, turli millat vakillari oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash, sport va sogʻlom turmush tarzini ommalashtirishda alohida faollik koʻrsatdi.
A.Paninning davlatimiz va xalqimiz oldidagi ulkan xizmatlari yuksak darajada eʼtirof etilib, 1995-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” oliy unvoni hamda “Oltin yulduz” medali bilan mukofotlangan edi.
Mamlakatimiz kon-metallurgiya sohasining chinakam fidoyisi va muhtaram faxriysi, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Anatoliy Nikolayevich Paninning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, Q.Tursunov, Q.Sanaqulov