Tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar
Qoʻshimcha mexanizmlar joriy etilmoqda, jumladan:
ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasidagi loyihalarga banklar orqali milliy va xorijiy valyutada 10 milliard soʻmgacha kreditlar ajratish uchun mablagʻlarni joylashtirish;
kichik tadbirkorlik subyektlarining ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va “yashil“ iqtisodiyot yoʻnalishidagi mikroloyihalari uchun banklar tomonidan ajratilgan 500 million soʻmgacha boʻlgan kreditlarni quyidagi shartlarda qayta moliyalashtirish:
– ajratilgan kredit foiz stavkasini 6 foizgacha, biroq Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foiz bandgacha yuqori boʻlgan stavkada pasaytirish;
– kamida 1-yil faoliyat yuritayotgan va 2 nafar xodimi mavjud boʻlgan tadbirkorlik subyektlarining 5 va undan ortiq yangi ish oʻrinlarini yaratishni nazarda tutuvchi loyihalariga taqdim etish.
Aholini roʻyxatga olish boshlanadi
Aholining ayrim toifalarini roʻyxatga olishni Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, DXX, Tashqi ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Din ishlari qoʻmitasi amalga oshira boshlaydi.
Davlat xizmatlari –mobil ilovalar orqali
Mobil aloqa operatorlari, tijorat banklari va toʻlov tashkilotlari YAIDXPdagi pullik elektron davlat xizmatlarini mobil ilovalar orqali kiberxavfsizlik talablariga rioya qilgan holda koʻrsata boshlaydi.
Davlat xizmatlari koʻrsatish takomillashtirilmoqda
Jismoniy shaxslarning shaxsiy maʼlumotlari YAIDXPga real vaqt rejimida ularning shaxsiy kabineti orqali taqdim etiladi va qogʻoz shakliga tenglashtiriladi. Shuningdek:
agar ushbu maʼlumotlar YAIDXP mobil ilovasidan foydalangan holda taqdim etilgan boʻlsa, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ushbu maʼlumotlarning qogʻoz shaklini talab qilish taqiqlanadi;
DXMga murojaat qilganda pensionerlar, homilador ayollar va uch yoshgacha boʻlgan bolasi bilan kelgan fuqarolarga davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish imtiyozi beriladi;
jismoniy shaxslarni Yagona identifikatsiyalash tizimida (OnelD) muqobil shaklda roʻyxatdan oʻtkazishda shaxsni biometrik identifikatsiyalash (Face ID) tartibi joriy etiladi;
davlat xizmatlari markazlariga YAIDXP orqali joriy etilgan barcha davlat xizmatlari boʻyicha aholi va tadbirkorlik subyektlariga xizmat koʻrsatish huquqi beriladi.
Korporativ etika komissiyasi ish boshlaydi
Korporativ nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlarini takomillashtirish va sudlar yukini kamaytirish maqsadida Prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha jamoatchilik kengashi tarkibida Korporativ etika boʻyicha komissiya tashkil etiladi.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining shtatlari qisqartirilmoqda
Prezidentning 04.10.2025-yildagi PF-178-son Farmoni bilan 2025-yil 1-noyabrdan boshlab respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining boshqaruv shtat birliklarining maqbullashtirilgan soni tasdiqlandi.
Shaffof “Ochiq byudjet“
Raqamlashtirish orqali shaffoflikni oshirish maqsadida “Ochiq byudjet“ portalida keng jamoatchilik uchun barcha gʻolib loyihalarning interaktiv xaritasi ishga tushiriladi.
YATTlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi choralar
Universal raqamli platformalar yaratilmoqda, ular orqali quyidagilar amalga oshiriladi:
YATT va oʻzini oʻzi band qilganlarni masofaviy biometriya orqali roʻyxatdan oʻtkazish;
hujjatlarni elektron raqamli imzosiz (ERI) imzolash;
toʻlaqonli elektron hujjat aylanishi va moliyaviy jarayon.
Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ish oʻrinlari
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faqat nogironligi boʻlgan shaxslar, oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar, Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oila aʼzolari, muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetimlar, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar uchun ish oʻrinlarining majburiy zaxirasini shakllantirishlari shart. Bunda majburiy zaxira:
– xodimlar umumiy sonining 3 foizidan oshmasligi kerak;
– xodimlar soni 100 kishidan ortiq boʻlgan tashkilotlarga nisbatan qoʻllaniladi.
Qoʻshimcha taʼlim uchun vaucherlar
Malakasini oshirish yoki qoʻshimcha kasb egallashni istagan shaxslarga qoʻshimcha taʼlim olish uchun “kasbiy vaucher“ berish boshlandi.
Vaucher kredit sifatida taqdim etiladi. Shaxs oʻqishni tugatgach, sertifikat olgach va ishga joylashgach, olingan kreditni (nogironligi boʻlgan shaxslar va Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalar aʼzolaridan tashqari) ikki yil ichida Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasiga qaytaradi.
Yer toifasini oʻzgartirishning yangi tartibi joriy etilmoqda
Oʻrmon fondi yer maydonlarining toifasini oʻzgartirish faqat Prezident qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
Xalqaro turizm haftaligi oʻtkaziladi
2025-yildan boshlab har yili noyabr oyining uchinchi haftasida Xalqaro turizm haftaligi oʻtkaziladi.
Bojxona qoʻmitasidan yangi ilova
Bojxona qoʻmitasi chegara nazorat punktlaridan oʻtayotgan yoʻlovchilarga qulaylik yaratish maqsadida yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasining mobil ilovasini ishga tushirdi.
Paxta boʻyicha fyuchers shartnomalari tartibi oʻzgartirilmoqda
2025-yil paxta hosilidan boshlab xoʻjaliklar va qayta ishlovchilar oʻrtasida fyuchers shartnomalari kalendar yilning 1-noyabridan keyingi yilning 1-iyunigacha birjada erkin shakllangan, ammo eʼlon qilingan boshlangʻich narxdan past boʻlmagan narxda tuziladi, deb xabar beradi Norma.uz portali.








