Mamlakatimizda 16 ta litsenziya va ruxsatnoma bekor qilinadi

    Moliya 10 Yanvar 2024 1855

    2024-yil 1-martdan boshlab mamalakatimiz hududida 16 ta litsenziya va ruxsatnoma bekor qilinadi.

    Adliya vazirligi tomonidan qonunchilikdagi talablar, shu jumladan, litsenziya va ruxsat berish tizimini tartibga solish ta'sirini baholashdan o‘tkazish orqali ishlab chiqilgan «Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni qabul qilindi.

    Mazkur Farmonga muvofiq 2024-yil 1-martdan boshlab 16 ta litsenziya va ruxsatnoma bekor qilinadi, shu jumladan:

    – 7 turdagi ruxsat beruvchi hujjat to‘liq bekor qilinadi;

    masalan, bojxona tashuvchilari reestriga kirishda yuklarni tashish uchun ruxsatnoma talab qilinmaydi;

    – 6 turdagi ruxsat beruvchi hujjat birlashtirish yo‘li bilan bekor qilinadi;

    xususan, eksport nazorati ob'ektlarini olib chiqish uchun ruxsatnoma hamda maxsus tovarlar eksporti va importi uchun litsenziya birlashtirilyapti;

    – 3 ta litsenziya va ruxsatnoma xabarnoma tartibiga o‘tkaziladi;

    masalan, endilikda turagentlik faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish mumkin bo‘ladi.

    Shuningdek, litsenziya yoki ruxsatnomani berishda talabgorlarni video aloqa yordamida masofadan turib baholashga ruxsat etilmoqda.

    Chiqish turizmini amalga oshirishda 15 ming dollar miqdoridagi mablag‘ni Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish bekor qilinadi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

    Bundan tashqari, yuridik shaxslarga tegishli transport vositasini texnik ko‘rikdan o‘tkazish joylarini ixtiyoriy ravishda tanlash mumkin (bugunga qadar texnik ko‘rikdan o‘tkazish ichki ishlar organlari tomonidan belgilangan joylarda o‘tkazilayotgan edi).

    Ushbu Farmon qabul qilinishi natijasida tadbirkorlarning qariyb 350 milliard so‘mlik xarajatlari tejaladi.