Mamlakatimizda 20-avgust — Tadbirkorlar kuni sifatida belgilanmoqda

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasining joriy yil 19-noyabrdagi navbatdagi majlisida “Tadbirkorlar kunini belgilash to'g'risida”gi qonun loyihasi ko'rib chiqildi.

    Yangi huquqiy hujjat majlisda keng muhokama qilinib, uchinchi o'qishda ham qabul qilindi. Yurtboshimizning topshiriqlari hamda 2021-yil 24-avgustdagi tegishli farmoyishi ijrosini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan qonun loyihasiga ko'ra, yurtimizda 20-avgust — Tadbirkorlar kuni sifatida belgilanmoqda.

    Davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridayoq tadbirkorlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning samarali faoliyat ko'rsatishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga katta e'tibor qaratdi. Ishbilarmonlik faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish va to'sqinlik qilish, ularning ishini asossiz to'xtatib qo'yish prezident siyosatiga qarshi chiqish, deb baholandi.

    Haqiqatan, keyingi yillarga nazar solsak, mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga bo'lgan e'tibor tufayli bu soha yildan-yilga rivojlanib borayotganiga guvoh bo'lamiz. Xususan, oxirgi besh yilda sohani rivojlantirish bo'yicha qabul qilingan 2 mingga yaqin qonun, farmon va qarorlar tufayli 114 ta litsenziya va ruxsatnoma bekor qilindi, ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartiblari soddalashtirilib, muddatlari o'rtacha 2 baravarga qisqartirildi. Buning natijasini biznes vakillari har kuni kundalik faoliyatida sezib, his qilib turibdi.

    Ana shunday qulaylik va imkoniyatlar tufayli yangi sub'ektlar keskin ko'payib, avvaldan ishlayotganlari o'z faoliyatini yanada kengaytirmoqda. So'nggi besh yilda tadbirkorlik sub'ektlarining soni qariyb 3 baravarga oshgani fikrimiz isbotidir. Albatta, sohaga bu darajada katta e'tibor qaratilayotgani bejiz emas. Zero, yurtimizda tadbirkor ko'paysa xalq ham, davlat ham boy bo'ladi, yangi-yangi ish o'rinlari yaratiladi, jamiyat rivojlanadi, yurt taraqqiy etadi.

    Prezidentimiz joriy yil 20-avgust kuni mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqoti davomida biznes vakillari tomonidan ko'plab murojaatlar bo'lganini aytib, ularni hal qilishga qaratilgan 7 ta muhim yo'nalishni ko'rsatib o'tgan edi. O'z navbatida, har bir yo'nalish bo'yicha dolzarb vazifalarni belgilab, yangi tashabbuslarni ilgari surgandi. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining bunday ochiq muloqotni an'anaga aylantirib, har yili tashkil etish, 20-avgustni mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni” deb e'lon qilish bo'yicha bildirgan takliflari tadbirkorlar tomonidan keng qo'llab-quvvatlandi.

    Taraqqiyot strategiyasining uchinchi yo'nalishida milliy iqtisodiyotni, uning o'sish sur'atlarini zamon talablari darajasida rivojlantirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangani ham aholi, ayniqsa, tadbirkorlarni ilhomlantirib yubordi, tom ma'noda harakatga keltirdi.

    Kelgusida tadbirkorlik faoliyatini yanada qo'llab-quvvatlash, soliq yukini kamaytirish, hammaga teng bo'lgan biznes muhitini va zarur infratuzilma yaratish bo'yicha boshlagan islohotlar qat'iy davom ettirilishi, davlat korxonalarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish iqtisodiyotni isloh etishning ustuvor vazifalaridan biri bo'lib qolishi O'zbekiston xalqi ta'bir joiz bo'lsa, 35 milliondan ortiq fuqarolar baxtli va to'qin hayot kechirishiga ishoradir.

    Yuqoridagi qonun loyihasining qabul qilinishi esa tadbirkorlarning mamlakatimiz taraqqiyotiga qo'shayotgan hissasiga e'tiborni qaratish va baholash, katta yutuqlarga erishgan, jamiyatning ijtimoiy muammolarini hal etishda faol ishtirok etayotgan ishbilarmonlarni aniqlash, ularni taqdirlash, aholini, ayniqsa, yoshlarni biznesga keng jalb qilishga xizmat qiladi. 20-avgust mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni” deb e'lon qilinishi barobarida, Yangi O'zbekistonning barpo etilishida tadbirkorlikning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy ahamiyatini yanada yuksaltirish, jamiyatimizda tadbirkorlikni ommalashtirish hamda insofli tadbirkorlikni tizimli rag'batlantirish imkonini beradi.

    Botirbek TO'RAZODA,

    Oliy Majlis Qonunchilik

    palatasi deputati