Mamlakatimizda ilk bor Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi oʻtkazilyapti

    Mamlakatimizda 8 Noyabr 2023 1964

    Joriy yil noyabr oyida Oliy Majlis palatalari tomonidan Vazirlar Mahkamasi va xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda mamlakatimiz tarixida ilk marotaba Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligini oʻtkazish rejalashtirilyapti.

    Ushbu oylikni oʻtkazishdan maqsad – mamlakatimizni barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning ijro etilishi ustidan parlament nazoratini olib borish, bu borada hukumatga koʻmaklashish, aholining xabardorlik darajasini oshirish, rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish, shuningdek, mazkur maqsadlarning “Oʻzbekiston – 2030” Strategiyasi doirasida amalga oshirilishi belgilangan islohotlar bilan hamohangligini taʼminlashdir.

    Agar raqamlarga eʼtibor bersak, har bir milliy maqsad boʻyicha xalqaro ekspertlar ishtirokida 24 ta tadbirlar tashkil etiladi, ularda milliy maqsadlar bilan birga BMTning Yuqori darajadagi siyosiy haftaligi doirasida oʻtkazilgan tadbirlarda muhokama etilgan dolzarb masalalar koʻrib chiqiladi.

    Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan 2022-yil 14-dekabrda qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida“gi rezolyutsiyaning hamda milliy maqsadlar doirasida olib borilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini targʻib qilishga bagʻishlangan brifing va matbuot anjumanlari tashkil etiladi.

    Oylik doirasida Toshkent shahrida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlik boʻyicha II Global forum ham oʻtkaziladi.

    Umuman olganda Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi va II Global forumda xorijiy mamlakatlar parlamentlari, parlamentlararo tashkilotlar rahbarlari va aʼzolari, yoshlar parlamentlari, davlat organlari, xalqaro hamda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, ilmiy-tadqiqot muassasalari ekspertlari (jami 500 nafardan ortiq) anʼanaviy va onlayn tarzda ishtirok etishi koʻzda tutilyapti.

    Fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan milliy maqsadlar muhokamasiga bagʻishlangan jamoatchilik eshituvlari oʻtkazilishi ham rejalashtirilgan.

    Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligining oʻtkazilishi natijasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taklifi asosida qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida“gi rezolyutsiyaning, shuningdek, BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida hamda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida ilgari surgan tashabbuslari mazmun-mohiyati dunyo hamjamiyati bilan muhokama etiladi, targʻib etiladi va shu orqali Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imiji yanada mustahkamlanadi.

    Shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlik boʻyicha Toshkent kommyunikesi qabul qilinadi.

    Qolaversa, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari tashabbusi bilan ilgari surilayotgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini kengaytirish toʻgʻrisida BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi loyihasi ishlab chiqilib, BMTga yuborish rejalashtirilyapti.

    Shuni alohida taʼkidlab oʻtish joizki, mazkur tadbirlar va uning doirasida ishlab chiqiladigan hujjatlar mamlakatimizning Barqaror rivojlanish maqsadlari reytingidagi oʻrnining yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.