Uchrashuv davomida Missiya aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirildi. Taʼkidlanganidek, saylov kampaniyasi tadbirlari Saylov kodeksi talablari va demokratik prinsiplarga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxoʻjayev oʻz soʻzida 14-oktyabrdan mamlakatimizda muddatidan oldin ovoz berish jarayoni boshlangani va bu jarayon 20-oktyabrning yakuniga qadar davom etishini qayd etib oʻtdi. Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan xalqaro kuzatuvchilar va OAV vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish jarayoni tugaganligi hamda shu kunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qatnashadigan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar soni mingga yaqinni tashkil etganligi taʼkidlandi.

Qayd etish joiz, Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) saylovlarni kuzatish missiyasiga IHT Bosh kotibiyatining Xalqaro munosabatlar departamenti direktori Anisul Xak boshchilik qiladi, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.