Loyihaga koʻra, Oʻzbekistonda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqish, infratuzilma va oʻquv tizimi, kitobxonlik bilan bogʻliq muammolarga samarali yechimlar ishlab chiqish maqsadida, 2020-2025-yillarga moʻljallangan kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash milliy dasturi va uni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlanadi.

Dasturni amalga oshirishning ustuvor yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilanadi:

  • kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish boʻyicha meʼyoriy-huquqiy hujjatlar hamda moddiy-texnik bazasini takomillashtirish;
  • xalqimiz, avvalo, yoshlarning maʼnaviy-maʼrifiy, badiiy-estetik talablariga javob beradigan kitoblarni yuksak sifat bilan chop etish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlarni belgilash;
  • joylarga, taʼlim muassasalariga vaqtida va maqbul narxlarda kitob yetkazish tizimini tubdan takomillashtirish choralarini koʻrish;
  • milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tarjima qilish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish bilan bogʻliq muhim masalalarni hal etishga qaratilgan tizimli ishlarni tashkil etishning huquqiy asoslarini yaratish;
  • taʼlim muassasalari va hududiy kutubxonalarni markazlashgan kutubxona – “Yagona elektron kutubxona” loyihasi asosida birlashtirishga qaratilgan tashkiliy chora-tadbirlarni belgilash;
  • hududlar, aholi punktlarida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan aniq mexanizmlar ishlab chiqish;
    har yili yosh ijodkorlarning innovatsion loyihalarini amaliyotga joriy qilish orqali mamlakatimizga kiritilayotgan investitsiyalardagi yosh ijodkorlarning ulushi oshishini taʼminlash;
  • oʻquvchilarning qiziqishini oʻrganish, sotsiologik soʻrovlar oʻtkazish orqali kitob mahsulotlari ishlab chiqishni yoʻlga qoʻyish;
  • kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish, ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan kitoblarni, ayniqsa, bolalarga moʻljallangan adabiyotlarni chop etishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralarini belgilash;
  • kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan loyiha va tanlovlarni tashkil etish.

Loyihada keltirilishicha, Oʻzbekistonda 2021-yildan boshlab har yili aprel oyining birinchi haftasini “Kitobxonlik haftaligi” etib belgilanadi.

Dastur uch bosqichda amalga oshiriladi:

  • birinchi bosqich – 2020-2021-yillarda tashkiliy-huquqiy mexanizmlar yaratish va chora-tadbirlar ishlab chiqish;
  • ikkinchi bosqich – 2022-2023-yillarda kitobxonlikka oid infratuzilmani mustahkamlash;
  • uchinchi bosqich – 2024-2025-yillarda yoshlarning kitobxonlik madaniyatini jadal rivojlantirish, ularning madaniy savodxonligi oʻsishi hisobiga inson kapitali sifatini yaxshilash.