6-oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishtirokchi davlatlari Parlamentlararo Assambleyasi (MDH PA) Kengashi Kotibiyati raisi oʻrinbosari – MDH PA ishtirokchi-davlatlarida demokratiyaning rivojlanishi, parlamentarizm va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish xalqaro instituti (DPRXI) direktori I.Mushket boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev mehmonlarni saylov kampaniyasi tadbirlari bilan tanishtirib, saylov Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda Saylov kodeksiga muvofiq ochiq va oshkora oʻtkazilayotganini taʼkidladi. Shu bilan birga, ayni damda Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti jarayoni boʻlib oʻtayotgani, muddatidan oldin ovoz berish tartibi, chet davlatda boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolarining saylovda ishtirok etishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar qayd etildi.

Uchrashuv davomida taʼkidlanganidek, MDH PA kuzatuvchilari guruhiga Tojikiston Respublikasi Majlisi namoyandagon Majlisi Oli raisi birinchi oʻrinbosari Maxmadali Vatanzoda boshchilik qiladi. MDH PA kuzatuvchilari oʻz faoliyati davomida Toshkent shahri va viloyatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatadi va monitoring olib boradi.

Uzoq muddatli monitoring davomida DPRXI ekspertlari saylov kampaniyasining asosiy bosqichlarini kuzatadilar va tahlil qiladilar, shuningdek saylov jarayonining ishtirokchilari: turli darajadagi saylov komissiyalari rahbarlari va siyosiy partiyalar shtablari vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazadilar. Uzoq muddatli kuzatuv natijasi sifatida yakuniy hisobot eʼlon qilinadi.

Tadbir yakunida kuzatuvchilarga saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda qatnashish huquqini beradigan tegishli namunadagi guvohnomalar topshirildi.

Malumot uchun: MDH PA kuzatuvchilar guruhi MDH saylovlarni kuzatish missiyasi tarkibiga kiradi. Shu bilan birga guruhning saylovlarni kuzatish bilan bogʻliq faoliyati MDH PAga aʼzo davlatlarda demokratiya, parlamentarizmning rivojlanishi va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish xalqaro instituti (DPRXI) tomonidan muvofiqlashtiriladi. Bugunga qadar MSK tomonidan 69 nafar MDH PA Kengashi Kotiyabiyati hamda DPRXI vakillari xalqaro kuzatuvchi sifatida akkreditatsiya qilingan., deb xvbvr beradi

Markaziy saqloa komissiyasi axborot xizmati.