Halqaro tadbir Sogʻliqni saqlash vazirligi va boshqa qator vazirlik hamda tashkilotlar rasmiy koʻmagida oʻtkazilmoqda.

Bugungi kunda sogʻliqni saqlash butun dunyoda eng ilgʻor soha hisoblanadi. Hozir jahon hamjamiyati duch kelgan koronavirus pandemiyasi sabab tibbiyotga juda katta eʼtibor qaratilmoqda. Shuning uchun ham, bugungi kunda sogʻliqni saqlash sohasiga bagʻishlangan koʻrgazmalarni oʻtkazish har qachongidan ham muhimroqdir.

TIHE koʻrgazmasi Oʻzbekistonda tashkil qilingan birinchi xalqaro koʻrgazma boʻlib, bu yil oʻzining 25 yillik yubileyini nishonlaydi va pandemiya bilan bogʻliq uzoq tanaffusdan keyin tashkil qilingan birinchi professional xalqaro sanoat koʻrgazmasiga aylanadi.

Anʼanaga koʻra, koʻrgazma ilmiy va amaliy tibbiyot yutuqlarining eng katta namoyishidir. Unda ekspertlar va jahon sanoati peshqadamlari odatiy tarzda ishtirok etib, oʻzlarining soʻnggi texnologiyalari va innovatsiyalarini taqdim etmoqda. Ushbu koʻrgazma koʻp yillardan beri ishlab chiqaruvchilar va amaliyotchi mutaxassislar oʻrtasida kommunikatsion aloqalarni oʻrnatish uchun biznes-maydon vazifasini oʻtamoqda.

“Sogʻliqni saqlash – TIHE 2021” beshta asosiy tematik boʻlimdan iborat: tibbiy texnika va uskunalar; laboratoriya; farmatsevtika sanoati uchun uskunalar; tayyor dorivor preparatlar va stomatologiya.

Bu yilgi koʻrgazmada Rossiya, Italiya, Xitoy, Koreya Respublikasi, Chexiya, Belarus Respublikasi, Ukraina, Qozogʻiston kabi davlatlar qatori Oʻzbekistonning mahalliy ishlab chiqaruvchilari ham oʻz mahsulotlarini taqdim etmoqdalar.

Jami 100 dan ortiq kompaniya va brendlar tibbiy texnika va asbob-uskunalar, medikamentlar, tibbiyot buyumlari, dorivor preparatlar hamda farmatsevtika sanoati uchun asbob-uskunalar va texnologiyalarni namoyish etishayapti.

Umuman olganda, xorijiy eksponentlar koʻrgazma ishtirokchilarining umumiy sonining 51 foizini tashkil qiladi. Koʻrgazmada xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan bir qatorda ekspozitsiyada 49 foiz ulushga ega boʻlgan mahalliy kompaniyalar, shu jumladan, dunyodagi eng yirik ishlab chiqaruvchilarning distribyutorlari va tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchilarining hamkorlari ham ishtirok etmoqda.

Koʻrgazma 11-iyungacha davom etadi.