Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik, xususan, O'zbekistonda krevetkani sanoat usulida yetishtirishni yo'lga qo'yish masalasiga e'tibor qaratildi.
Shuningdek, xitoylik ekspertlarga O'zbekistonda krevetka etishtirish uchun mavjud shart-sharoitlar, tabiiy va sun'iy suv havzalari, suv hajmi va sho'rlik darajasi kabi zaruriy ma'lumotlar taqdim etildi.
O'z navbatida ekspertlar tomonidan bugungi kunda Xitoy Xalq Respublikasida krevetka etishtirishning texnologiyasi, usullari, hajmlari va boshqa ahamiyatli jihatlari yuzasidan tushuntirishlar berib o'tildi.
Aytish joiz, bugun jahonda eng serdaromad tarmoqlardan biri bo'lgan baliqchilik sanoati insoniyat tamaddunining ilk bosqichlaridayoq rivojlana boshlagan. O'tgan davr mobaynida baliq mahsulotlari aksariyat xalqlar dasturxonidan nafaqat kundalik egulik, balki salomatlik uchun eng zarur mahsulot sifatida mustahkam o'rin egalladi.
Muzokaralar chog'ida Xitoy kompaniyasi vakillari O'zbekistonda krevetka etishtirishning 4 xil usulini qo'llamoqchi ekanliklarini aytib o'tishdi. Ushbu 4 xil uslubda krevetka boqishning negizida suvni sun'iy tarzda sho'rlatish yotadi. “Shandong Youfa Group”” kompaniyasi direktorining aytishicha, sun'iy tarzda sho'rlatilgan suvda krevetka boqilgandan so'ng, artemiya balig'ini ham boqish ko'zda tutilgan.