Bugun yurtimizga Qozogʻiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari Erali Tugjanov boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida qoʻshni davlatning Sogʻliqni saqlash vaziri Aleksey Soy ham boʻlib, tashrif davomida yurtimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtiriladi, ikki tomonlama hamkorlikni yana-da mustahkamlashga eʼtibor qaratiladi.
Taʼkidlash joizki, 2018-yil Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili deb eʼlon qilinishi ikki tomonlama munosabatlarga yangi surʼat, sifat va mazmun bagʻishladi. Natijada qoʻshni mamlakat bilan tibbiyot, madaniyat, sanʼat, adabiyot, fan, turizm va boshqa koʻplab sohalarda izchil hamkorlik olib borilmoqda.
Bunday doʻstona tadbirlarning mantiqiy davomi sifatida 2019-yil Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili deb eʼlon qilindi. Ushbu tadbir doirasida yurtimizda Qozogʻiston tibbiyoti kunlari oʻtkazilgan edi.
Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlik yil sayin rivojlanib bormoqda. Xususan, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish borasida muayyan kelishuvlarga erishildi. Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi “Oʻzbek farmatsevtika mahsulotlarini Qozogʻistonda toʻliq davra tamoyili asosida ishlab chiqarish” loyihasini ishlab chiqmoqda.
Shuningdek, yurtimizdagi “Dentafill plyus” xususiy korxonasi Qozogʻistonning “Antustik” industrial iqtisodiy zonasi maʼmuriyati bilan hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzoladi. Qoʻshni davlatda yurtimizning toʻliq ishlab chiqarish tamoyili asosida dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqarish korxonasini qurish uchun yer maydoni ajratildi, kommunikatsiya oʻtkazish uchun tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Har yili hamkorlikda tibbiyot sohasidagi oliy oʻquv yurtlari shifokorlari va talabalari uchun bir qator dasturlar ham amalga oshirilmoqda. Tibbiyotning yuqori malakali mutaxassislari ishtirokida tajriba almashish doirasida oʻzaro oʻquv safarlari tashkil etilmoqda.
Tashrif davomida Qozogʻiston delegatsiyasini mamlakatimiz sogʻliqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirish maqsadida akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida boʻlib, markazda yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirishdi. Bu yerda amalga oshirilayotgan yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari, jumladan, transplantatsiya jarayonlari bilan tanishishdi.
Shuningdek, delegatsiya aʼzolarining Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi, Bolalar milliy tibbiyot markazi, farmatsevtika kompaniyasining zavodi hamda xususiy klinikalarga ham tashrifi koʻzda tutilmoqda.
Delegatsiya aʼzolari yurtimizda kasalliklarning oldini olish, tashxislash va davolashning zamonaviy innovatsion usullarning qoʻllanilishi bilan yaqin tanishishlari ham rejalashtirilgan.
Shuningdek, tashrif doirasida ikki mamlakatning sogʻliqni saqlash sohasidagi mutaxassislari tibbiyotning turli yoʻnalishlarida yuqori texnologiyalarga asoslangan tibbiy xizmatlarni joriy etish, bu borada zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash, sogʻliqni saqlashni raqamlashtirish, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish hamda dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari sifatini yaxshilash masalalarini atroflicha muhokama qiladilar.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi