Mamlakatimizning uchta hududida gemodializ markazlari quriladi

    Salomatlik 20 Yanvar 2021 1161

    Davlatimiz rahbari joriy yilning 15-yanvar kuni Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi qurilishi bilan tanishish chogʻida yurtimizda nefrologiya sohasini rivojlantirish lozimligini taʼkidladi.

    Maʼlumki, mamlakatimizdagi tabiiy sharoit buyrak kasalliklarini keltirib chiqarish omillaridan biridir. Jumladan, 2020-yilda surunkali buyrak kasalligi bilan 118 mingdan ziyod bemor dispanser kuzatuvida turgan boʻlsa, ularning 23 ming nafarida surunkali buyrak yetishmovchiligi boʻlgan, 5 ming nafardan ziyodi esa gemodializga muhtojlik sezgan. Bu esa davolashning zamonaviy infratuzilmasini tashkil etish zaruratini yuzaga keltirayotgani rost.

    Ushbu yoʻnalishdagi ishlarni rivojlantirish maqsadida bugun Sogʻliqni saqlash vazirligi “Nefroplyus” (Hindiston) kompaniyasi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida gemodializ xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha kelishuvga erishdi.

    Bugungi kunda yurtimizda barcha gemodializ xizmatlari byudjet mablagʻlari hisobidan davlat tibbiyot muassasalari tomonidan amalga oshirilmoqda. Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ushbu yoʻnalishdagi xorijiy tajribani oʻrganish natijasida koʻp davlatlarda bu xizmatlar xususiy sektor bilan hamkorlikda amalga oshirilishi aniqlandi.

    Shuningdek, vazirlik bir yil davomida xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda yurtimizda gemodializ xizmatlarining sifati, ularni tashkil qilish mexanizmi, texnologiyasi va ularni jahon standartlariga olib chiqish uchun nimalar qilish kerakligi haqida hisobot tayyorladi. Natijada mamlakatimizning hududlarida eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan gemodializ markazlari barpo etish ehtiyoji borligi aniqlandi.

    — Bugungi kelishuv asosida Hindistonning “Nefroplyus” kompaniyasi bemorlarga gemodializ muolajasini koʻrsatish sohasida faoliyat olib boradi, — dedi Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Abdulla Azizov. — Davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan loyihaning narxi 9,8 million AQSH dollari deb baholangan boʻlib, uni amalga oshirishning birinchi bosqichi davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyati va Toshkent shahrida jami 4 ta gemodializ markazi quriladi va u zarur zamonaviy tibbiy jihozlar hamda malakali mutaxassislar bilan taʼminlanadi. Loyiha doirasida 10 yil davomida ushbu hududlarda gemodializga muhtoj 1 100 nafar bemorga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatiladi.

    Yangi zamonaviy gemodializ markazlari xalqaro standartlarga mos ravishda qurilib, 2022-yilning fevral oyida ishga tushiriladi. Loyihaning ikkinchi bosqichida mamlakatimizning boshqa hududlarida ham huddi shu jarayonlarni davom ettirish rejalashtirilgan.

    Muhimi, davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan ishlar doirasida yurtimizga investitsiya kirishi hamda tibbiy xizmatlar sifati oshishi barobarida yuqori texnologiyalar ham kirib keladi. DXSHning shartlariga koʻra, “Nefroplyus” kompaniyasi bitim muddati tugaganidan soʻng (10 yildan keyin) qurilgan gemodializ markazlari binolarni tibbiy uskuna va yaratilgan sharoitlari bilan Sogʻlikni saqlash vazirligiga topshiradi.

    Taʼkidlash lozimki, hozirgi kungacha vazirlik tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida 12 ta loyiha imzolandi. Bugungi kunda tibbiyot yoʻnalishida respublika miqyosida amalga oshiriladigan 14 ta xalqaro loyiha hamda 2 ta yirik loyiha ustida ishlanmoqda.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi

    Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.