Yangi Kodeks loyihasi bilan:
Kodeksning nomi uning tartibga solish predmeti va xorijiy tajribadan kelib chiqib “Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi kodeks” deb oʻzgartirilmoqda;
ayrim maʼmuriy huquqbuzarlik tarkiblari zamon talablari asosida qayta koʻrib chiqilmoqda. Jumladan:
a) amalda oʻz ahamiyatini yoʻqotgan yoki fuqarolik va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan 33 ta maʼmuriy huquqbuzarliklar (transportdan shaxsiy boylik orttirish maqsadida foydalanish, shartnoma intizomini buzish, avtomat telefonlarni shikastlantirish va b.) Kodeksdan chiqarilmoqda;
b) obyektiv ehtiyojdan kelib chiqib, 12 ta yangi turdagi huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda (piyoda va boshqa yoʻl harakati qatnashchilariga yoʻl bermaslik, elektron hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirish tartibini buzish va b.);
v) xalqaro ekspertlar (xususan OESR) tavsiyalariga koʻra 3 turdagi ijtimoiy xavfi katta boʻlgan va maʼmuriy javobgarlik orqali taʼsir koʻrsatish samarasiz maʼmuriy huquqbuzarliklar (NTTning yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga ogʻdirib olish, davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining xizmatchisini pora evaziga ogʻdirib olish, davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor boʻlishi Kodeksdan chiqarilib, ular uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda;
maʼmuriy jazo choralari tizimi takomillashtirilib, oʻz ahamiyatini yoʻqotgan, maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan ashyoni haqini toʻlash sharti bilan olib qoʻyish jazosi maʼmuriy jazo tizimidan chiqarilmoqda;
maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish tartibi takomillashtirilmoqda. Xususan:
a) huquqbuzarlikka oid ish yuritish tizimini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida tashkil etish nazarda tutilmoqda;
b) amaldagi Kodeksda mavjud boʻlmagan isbot qilish, dalillar taqdim etish, xolislar, ekspertiza tayinlash, sud majlisini videokonferensiya tarzida oʻtkazishga oid yangi tartiblar kiritilmoqda;
maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qarorlarni ijro etish tizimi takomillashtirilmoqda. Xususan:
a) korrupsiya holatlariga imkon beruvchi omillarni bartaraf etish maqsadida huquqbuzarlik sodir etilgan joyning oʻzida naqd pulda jarima undirish tartibi bekor qilinmoqda;
b) sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlari ijrosini oʻz vaqtida taʼminlash maqsadida tayinlangan maʼmuriy jazo choralarini almashtirish tartibi belgilanmoqda.
qatʼiy maʼmuriy jarimalar qayta koʻrib chiqilib, ularning minimal va maksimal miqdorini belgilash orqali jarimalarni pasaytirgan holda amaldagi jazolar liberallashtirilmoqda;
maʼmuriy huquqbuzarliklarni koʻrib chiqish uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi qonunchilikning har bir prinsipi mazmuni ochib berilmoqda. (Masalan, hech bir shaxs bitta maʼmuriy huquqbuzarlik uchun ikki marta javobgarlikka tortilishi mumkin emasligi haqidagi qoida belgilanmoqda);
maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni yuritishda huquqiy jihatdan tartibga solinmagan koʻplab muammoli masalalarning yechimi nazarda tutilmoqda. Xususan, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni yuritishda rad qilish asoslari va tartibi, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan qabul qilingan qarorga nisbatan qoʻyiladigan talablar va boshqa huquqni qoʻllash amaliyotidagi masalalarga oid qoidalar kiritilmoqda;
maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishda fuqarolarning ortiqcha ovvoragarchiligining oldini olish maqsadida maʼmuriy huquqbuzarliklarni soddalashtirilgan tartibda koʻrib chiqish nazarda tutilmoqda.
Yangi loyiha kodeksi 600 ga yaqin moddadan iborat.









