Maʼmuriy sudlar vakolati jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga oʻtkaziladi

    Mamlakatimizda 14 Noyabr 2022 815

    Senatning navbatdagi yalpi majlisi oldidan Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi.

    Unda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun, “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2022-yil 9 oyi yakuni yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining oʻrinbosarini saylash toʻgʻrisidagi masala dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.

    Majlisda dastlab “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama etildi.

    Qayd etilishicha, bugungi kunda ichki ishlar organlarining muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomalariga doir ishlar tumanlararo maʼmuriy sudlar tomonidan koʻrib chiqilayotgan boʻlib, respublika boʻyicha sudlar tomonidan koʻrib chiqilgan shu turdagi ishlar oxirgi uch yilda yiliga 8-9 mingtani tashkil etyapti.

    Muhokama davomida senatorlar tomonidan hozirda muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish fuqarolarni sarsonchiliklariga olib kelayotganligi, shu bilan birga, ushbu toifadagi ishlarga masʼul boʻlgan ichki ishlar organlariga bir qator qiyinchiliklar tugʻdirayotganligi qayd etildi.

    Yaʼni, tumanlararo maʼmuriy sudlarning faqat viloyat markazlarida joylashganligi va baʼzi hududlarning markazdan uzoqligi, ichki ishlar organlari xodimining mazkur ish bilan shugʻullanishi davomida xizmat joyi uzoq muddat boʻsh qolishiga sabab boʻlyapti.

    Shu bois, ushbu Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi hamda Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodekslariga tegishli qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish orqali muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish bilan bogʻliq ishlarni tumanlararo maʼmuriy sudlar vakolatidan jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlariga berilayotganligi qayd etildi.

    Senatorlar Qonunning qabul qilinishi ichki ishlar organlarining muayyan yashash joyi boʻlmagan shaxslarni ushlab turish va reabilitatsiya qilishga qaratilgan faoliyatining samaradorligi oshishiga hamda fuqarolarning ortiqcha ovvoragarchiliklariga chek qoʻyilishi va moddiy resurslarning tejalishiga olib kelishini taʼkidladi.

    Shuningdek, majlisda “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022-yil 9 oyi yakuni yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti dastlabki tarzda muhokama etildi.

    Muhokamada senatorlar tomonidan Davlat dasturining I va II yoʻnalishlariga alohida eʼtibor berilib, dasturning bajarilmayotgan 24 ta bandi ijrosi tahlil etildi.

    Xususan, jamiyat rivojlanishida muhim boʻlgan masalalar, yaʼni mahalladan turib, aholining davlat organlari va tashkilotlariga murojaat qilish tizimini tashkil etish, davlat xizmatida korrupsiya omillarini bartaraf etish, kadrlarni tanlov asosida ishga qabul qilish va ular faoliyati samaradorligini xolisona baholashning huquqiy asoslarini takomillashtirish kabi masalalarga eʼtibor qaratildi.

    Majlis yakunida Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasining tegishli qarorlari qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.