Toshkentda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati tomonidan (GIZ) Markaziy Osiyoda huquqiy davlatchilikka koʻmaklashish dasturi doirasida tashkillashtirilgan “Nemis maʼmuriy huquqining doktrinasi va Markaziy Osiyo mamlakatlarida maʼmuriy tartib-taomillar instituti shakllanishi” mavzusidagi xalqaro anjuman boʻlib oʻtdi.

Respublikamizda 2016-yildan boshlangan maʼmuriy va sud-huquq islohotlar davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan davlat ishlariga oid masalalarda fuqarolarning faol ishtiroki, maʼmuriy kamchiliklarni tahlil qilishga qaratilgan saʼy-harakatlar amalga oshirildi. Huquq ustuvorligi, ochiqlik va hisobdorlik davlat organlari faoliyatining yangicha ish uslubiga aylandi.

– Anjuman mavzusi umumiy maʼmuriy va ommaviy huquqning eng muhim sohasidagi qonunchilikni mintaqa mamlakatlarida rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir, – deydi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov. – 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi va Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasi maʼmuriy tartib-taomillar vositasida davlat organlari, jismoniy, yuridik shaxslar oʻrtasidagi huquqiy munosabatlarni oʻzgartirishga qaratilgan. Shuningdek, 2017-yilda Oʻzbekistonda maʼmuriy sudlar tizimining joriy etilishi bilan ijro hokimiyati organlari qaror va harakatlari ustidan sud nazoratining yangi tartibi joriy etildi. Anjumandan koʻzlangan asosiy maqsad, GIZning Markaziy Osiyo davlatlarida maʼmuriy tartib-taomillar instituti shakllanishida erishgan yutuqlarini inobatga olgan holda, turli huquqiy masalalar borasida Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Rossiya, Ukraina va Ozarbayjondagi hamkasblar oʻrtasida tajriba almashishga qaratilgan. Bu davlatlar ilmiy doktrinasi maʼmuriy tartib-taomillarning faol tarafdori hisoblanadi.

Anjumanda germaniyalik mutaxassislar maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisidagi qonun qoʻllanilishiga oid amaliyot borasida atroflicha maʼlumot berdi. Shuningdek, umumiy maʼmuriy huquqning mazmun-mohiyati, Germaniya tajribasining Markaziy Osiyo davlatlarida qoʻllash mumkin boʻlgan jihatlari muhokama qilindi.

Tadbir ishtirokchilari anjuman materiallari Prezidentimizning 2020-yil 19-maydagi “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosiga qaratilgan “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi qonunning yangi tahririni tayyorlashda ham muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlashdi.