баннер
26 Apr 2025
11:33

    Mana nega oʻzimizdan chiqayotgan gaz oʻzimizga yetmaydi

    Toshkent viloyatida qariyb 3 mlrd soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan issiqxona aniqlandi

    “Hududgaz Toshkent“ gaz taʼminoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari, tuman gaz taʼminoti boʻlimi xodimlari va huquq-tartibot organlari hamkorligida Toshkent viloyatida oʻtkazilgan nazorat reyd tadbirlarida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgan issiqxona fosh etildi.

    Maʼlumotlarga koʻra, Ohangaron tumani “Alisher” MFYda joylashgan “A. I. B.” fermer xoʻjaligiga qarashli issiqxona xatlovdan oʻtkazilganda, isteʼmolchi bir martalik tamgʻa oʻrnatilgan zulfin va elektron gaz hisoblash uskunasini olib tashlab tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgan.

    Holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, gaz sarfi qayta hisob-kitob qilindi va 2 milliard 955 million soʻmlik zarar aniqlandi.

    Shuningdek, viloyatning Qibray tumani “Guliston“ MFYda joylashgan xonadonda yashovchi fuqaro N. D. issiqxona tashkil qilib, tabiiy gaz tarmogʻiga hisoblagichdan oldin toʻgʻridan toʻgʻri ulanib, tabiiy boylikdan xoʻjasizlarcha foydalanib kelgani aniqlandi.

    Ushbu holat boʻyicha 49 million 673 ming soʻmlik tabiiy gaz hajmi qayta hisob-kitob qilindi.

    Xozirda yuqoridagi holatlar boʻyicha barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilgan.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech