Insoniyatning ming yillik umumbashariy qadriyatlarini “erkinlik” niqobi ostida oyoq osti qiladigan, odamlarni axloqsizlik va tubanlikning eng jirkanch yoʻllariga boshlaydigan, muqaddas diniy qadriyatlarni yovuz maqsadlari yoʻlida qurolga aylantirishga intilayotgan, shu asosda bashariyatning ruhiy muvozanatini izdan chiqarishga intilayotgan kuchlarga qarshi kuchli maʼrifat qalqonining oʻrnini tobora yaqqolroq his qilmoqda. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Prezidentining BMT minbaridan ilgari surilgan “Jaholatga qarshi maʼrifat” tamoyili jahoniy daʼvatga aylandi.
Mashhur gʻarb olimi Albert Shveyser “Voqelikni shakllantiradigan kuchlar ichida birinchisi maʼnaviyat va axloqdir”, deya bejiz aytmagan. Insonning surati va siyrati, yaʼni jismi va maʼnaviyati haqida gapirar ekan, buyuk maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy “Jism ila ruh ikkisi bir choponning oʻng ila tersiga oʻxshaydi. Agar jism tozalik, yaʼni maʼnaviyat va axloq bilan ziynatlanmasa, yomon xulqlardan saqlanmasa, choponni ming yuvganing bilan ichidagi — astaridagi kiri tashqarisiga uraveradi”, degandi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʻydi. “Yangi Oʻzbekiston orzusi”, “Uchinchi Renessans poydevorini yaratish” ham yuksak ilmiy-maʼnaviy moʻljal, ham strategik maqsadga aylandi.
Prezidentimizning shiddatli islohotchilik siyosati nafaqat Oʻzbekistonni milliy yuksalish bosqichiga olib chiqdi, balki Markaziy Osiyoda yangicha munosabatlar shakllanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.
Xoʻsh, ushbu jarayonda maʼnaviyatning hayotimizdagi oʻrni qanday boʻlishi kerak? Bu savolga ham davlatimiz rahbari “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobida javob bergan: “Biz uchun maʼnaviyat-insonlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonch, hurmat va eʼtibor, xalq va davlat kelajagini birgalikda qurish yoʻlidagi ezgu intilishlar, ibratli fazilatlar majmuasidir. Boshqacha aytganda, maʼnaviyat-jamiyatdagi barcha siyosiy-ijtimoiy munosabatlarning mazmuni va sifatini belgilaydigan poydevordir. Bu poydevor qancha kuchli boʻlsa, xalq ham, davlat ham shuncha kuchli boʻladi”.
Ana shu asosda oʻtgan qisqa davrda mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni takomillashtirish maqsadida bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan 13 ta normativ-huquqiy hujjat va konseptual hujjat tayyorlandi. Xususan, Oʻzbekiston Prezidentining 1 ta farmoni, 4 ta qarori, 1 ta farmoyishi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 3 ta qarori, 4 ta farmoyishi qabul qilindi. Shu asosda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning tizimliligi va uzluksizligini taʼminlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.
2021-yil 19-yanvarda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishida uning asosiy faoliyat yoʻnalishlari, vazifalari belgilab berildi. Markazning maʼnaviy-maʼrifiy sohani muvofiqlashtiruvchi maqomi mustahkamlandi.
Shu asosda barcha vazirlik va idoralarda Maʼnaviyat va maʼrifat kengashlari tashkil etildi. Vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan har yili maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha “yoʻl xarita”lari ishlab chiqish va amalga oshirish tizimi joriy qilindi.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashini tashkil etish va boshqarish tartibi tubdan oʻzgartirildi. Kengashga Oʻzbekiston Prezidenti, hududiy kengashlarga mahalliy hokimlar raislik qilishi belgilandi. Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati va Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti tashkil etilib, tizimning ilmiy-maʼrifiy va moddiy asoslari mustahkamlandi.
Boy maʼnaviy merosimiz, milliy-axloqiy qadriyatlarimizni keng targʻib qilish, aholiga yangi Oʻzbekiston nafasi, islohotlar mazmun-mohiyatini xolis, izchil va ishonchli yetkazib borish maqsadida “Oyina.uz” elektron portali faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, “Tafakkur”, “Maʼnaviy hayot” jurnallari hamda “Maʼnaviyat” nashriyoti markaz tasarrufiga oʻtkazildi.
Mamlakatimizning barcha hududlari, jumladan, tuman va shaharlarida maʼnaviyat va maʼrifat maskanlarini bosqichma-bosqich qurish va foydalanishga topshirish ishlari olib borilmoqda.
Maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni amalga oshirish, yuksak ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantirish borasida fidokorona mehnat qilgan va samarali natijalarga erishgan fuqarolarni ragʻbatlantirish maqsadida “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni taʼsis etildi.
Davlatimiz rahbarining “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobi beshinchi boʻlimi “Maʼnaviy taraqqiyot”ga bagʻishlangan. Unda “Maʼnaviy yangilanish: imkoniyat va istiqbollar”, “Yangi maʼnaviy makonni yaratish borasidagi vazifalar”, “Maʼrifiy islohotlar va barkamol inson tarbiyasi”, “Yangi Oʻzbekiston va maʼnaviy yangilanish”, “Maʼrifatli jamiyat sari”, “Milliy va umuminsoniy qadriyatlar uygʻunligi” mavzularida mavjud voqelik chuqur tahlil qilingani holda bu boradagi eng ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Bugungi kunda dunyoda sodir boʻlayotgan voqea va hodisalar bir haqiqatni yanada yaqqolroq namoyon etmoqda: mamlakatni iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, ijtimoiy taʼminot darajasini yaxshilash, jismoniy jihatdan barkamol insonni tarbiyalash bilangina kuchli taraqqiyotga erishib boʻlmaydi. Maʼnaviy-axloqiy boʻshliqqa yoʻl qoʻyilgan makonlarda iqtisodiyot, harbiy salohiyat ming bora qudrat kasb etmasin, milliy-maʼnaviy birlikning yoʻqligi manaman degan iqtisodiy choʻqqilarning ham nurashiga olib kelishi mumkin. Shu maʼnoda, mafkuraviy kurashlar goh oshkora, goh pinhona tus olgan, inson ongi va qalbi uchun kurashlar keskinlashgan tahlikali zamonda maʼnaviy tarbiya masalasi hayot-mamot masalasiga aylanmoqda.
Dunyoning turli mintaqa va davlatlarida sodir boʻlayotgan ayanchli voqealar tahlili koʻrsatmoqdaki, ommaviy axborot vositalari, zamonaviy axborot texnologiyalari, jumladan, internet, ijtimoiy tarmoqlar va elektron nashrlar koʻp hollarda ayrim buzgʻunchi kuchlar qoʻlida turli soxta, zararli gʻoya va mafkuralarni targʻib etishning qulay va tezkor vositasiga aylanib qolmoqda. Bu kabi tahdidlar milliy va umuminsoniy qadriyatlar yemirilishiga, zoʻravonlik, inson taqdiri, jamiyat hayotiga bepisandlik, masʼuliyatsizlik, loqaydlik, andishasizlik, behayolik kabi illatlar ildiz otishiga, odamzotning oʻz tarixiy, diniy, milliy-maʼnaviy ildizlaridan uzilib qolishiga sabab boʻlmoqda va jahondagi koʻplab davlatlarda umumiy tendensiyaga aylanib bormoqda. Bunday murakkab sharoitda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrash – mustaqillikni asrashdek, mustahkamlashdek, ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashdek muhim.
Binobarin jamiyat aʼzolarini eng goʻzal fazilatlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, milliy vatanparvarlik, milliy burch, Vatanga masʼullik ruhida tarbiyalash orqali erishilgan maʼnaviy taraqqiyot davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini kompleks rivojlantirish, mamlakat ahliga bunyodkorlik va yaratuvchanlik ruhini baxsh etishda maʼnaviy drayver vazifasini oʻtaydi.
Davr talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi oʻz faoliyatini tubdan tanqidiy-tahliliy koʻrib chiqib, maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi eskirgan yondashuvlar, samarasiz usul va vositalardan voz kechgan holda yangicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan zamonaviy targʻibot texnologiyalarini ishlab chiqish va amalga oshirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻydi. Albatta, raqamli makonda yanada faollashish, mavjud tahdidlar, noxolis axborot xurujlariga qarshi munosib javob berish soha xodimlarining bu boradagi bilim va malakalarini muntazam oshirib borishni talab qiladi.
Shu maqsadda joriy yil 17-21-iyul kunlari Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida markazning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻlimlari hamda tuman/shahar boʻlinmalarining 250 nafardan ortiq masʼul rahbar-xodimi ishtirokida “Maʼrifiy targʻibot ishlari samarasi va taʼsirchanligini yanada oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar” mavzusida oʻquv seminari tashkil etildi.
Unda “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining saylovoldi dasturida ilgari surilgan maʼnaviy-maʼrifiy tashabbuslar, vatanparvarlik va yoshlar tarbiyasi masalalari”, “Respublikada olib borilayotgan maʼnaviy-marifiy ishlarning holati hamda hududiy Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi rahbarlarining Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi oldida hisobot berishi tizimini yoʻlga qoʻyish”, “Maʼrifiy targʻibot ishlari samarasi va taʼsirchanligini yanada oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar: muammo va takliflar” va boshqa qator mavzularda maʼruzalar tinglanib, amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi.
Ishtirokchilar bilan Oʻzbekiston Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari, siyosiy fanlar doktori, professor Q.Quronboyev ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Unda davlatimiz rahbarining maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash borasidagi topshiriqlari ijrosi, maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Shuningdek, seminar ishtirokchilari maʼnaviyat va maʼrifat, targʻibot ishlari yoʻnalishidagi kadrlar faoliyati samaradorligini baholash indikatori (KPI) hamda barcha darajadagi xodimlar uchun aniq malaka talablarini ishlab chiqish va mahallalar kesimida uyushmagan yoshlar oʻrtasida maʼrifiy targʻibot ishlarini tashkil etishning qulay, zamonaviy va taʼsirchan usullarini ishlab chiqish boʻyicha muhokamalar tashkil qilindi.
Toʻrt kun davom etgan tadbirda taniqli olimlar, yozuvchilar, professor- oʻqituvchilar tomonidan ishtirokchilarning aholi oʻrtasida sotsiologik soʻrovnomalar oʻtkazish, natijalarini olish va tahlil qilish, shu asosda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni tashxislash boʻyicha bilimini mustahkamlashga qaratilgan oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazildi.
— Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida oʻtkazilgan oʻquv seminarida nihoyatda muhim masalalalar muhokama qilindi, — deydi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi, falsafa fanlari doktori Jamila Shermuhammedova. — Unda taʼkidlanganidek, bugun maʼrifat targʻibotchisining imiji, obroʻ-etibori, eng muhimi, ilmiy salohiyati kuchli va taʼsirli boʻlishi shart. Shu nuqtayi nazardan, toʻrt kunlik oʻquv seminari barcha tinglovchilar bugungi yangi zamon talablariga mos interfaol, kreativ, motivatsion texnologiyadan foydalanish mexanizmlarini oʻrganishdi.
Seminar doirasida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi oʻrtasida har bir mahallada maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni rivojlantirish, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashish boʻyicha qoʻshma qaror, vazirlik va idoralar, tashkilot va muassasalarda “maʼnaviyat xonasi”ni tashkil etish boʻyicha yoʻriqnoma, maʼnaviy-maʼrifiy faoliyat boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlari namunali ish tajribasi boʻyicha dastur loyihalari ishlab chiqilib, ularni samarali amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Fargʻona viloyati boʻlimi rahbari Masʼudjon Sulaymonov esa seminardagi dolzarb mavzular, rang-barang mashgʻulotlar, taqdimotlar boʻyicha oʻz taassurotlarini bildirdi:
— Eng muhimi, har bir mashgʻulot rasmiyatchilikdan xoli oʻzaro muloqot, bahs-munozara shaklida tashkil etildi. Oʻziga xos tarzdagi seminar maʼnaviyatchilar uchun muloqot maydoni, bilim, malakani oʻzlashtirish, ilgʻor tajribalarni oʻrtoqlashish, hududlararo hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda muhim ahamiyatga ega boʻldi. Har birimizga yuksak faollik baxsh etdi.
— Respublika seminari tizim xodimlari uchun juda manfaaatli, foydali boʻldi. Eng asosiysi, mamlakatimizda Maʼnaviyat va maʼrifat markazining hududiy boʻlim va boʻlinmalari rahbarlari yagona “maʼnaviyat oilasi”da ekanini, maʼnaviy birligini, har bir masalada hamjihat faoliyat koʻrsatish turli noxolis axborotlarga qarshi turishda katta kuchligini his etdilar, – deydi markazning anjumanda ishtirok etgan Ellikqalʼa tumani boʻlinmasi rahbari Oysha Matniyozova.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hududiy boʻlimlari, tuman va shahar boʻlinmalari rahbarlari, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyatning eng faol aʼzolari ishtirokidagi ilk seminar amaliy taklif va tashabbuslar, qizgʻin bahs va munozaralar asosida nihoyatda ishchanlik ruhida oʻtdi. Sohaning har bir xodimi nafaqat oldida turgan vazifalarning muhimligini angladi, shu bilan birga, Vatan taraqqiyoti, kelajak avlod oldidagi yuksak masʼuliyatni his qildi.
Seminar yakunida “Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tizimi jamoasi va bir guruh maʼrifat targʻibotchilarining mamlakat aholisiga murojaati” qabul qilindi.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Maʼnaviyat — bamisoli bir bayroq”. Maʼnaviyat ezgulik, mehr-muhabbat, oqibat, tarbiya, odamiylik va yuksak vatanparvarlik bayrogʻidir. Ushbu bayroqni baland koʻtarib, millatimiz va xalqimizni ezgulik va bunyodkorlik yoʻlida birlashtirishdagi sharafli masʼuliyatni seminar ishtirokchilarining barchasi yurakdan his qildilar.
Minhojiddin MIRZO,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari









