Yangi bino. Qulay va zamonaviy sharoit. Jahon va oʻzbek adabiyotining sara namunalari jamlangan kutubxona. Samarali faoliyat va ezgu tashabbuslar uchun oʻziga xos muhit. Mirishkorda foydalanishga topshirilgan maʼnaviyat maskanida bularning barchasi jamuljam etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi qarori asosida barpo etilgan maʼnaviyat maskani tantanali ochilish marosimida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyati boʻlimi rahbari Lola Saodatova, Mirishkor tuman hokimi Sherali Sanayev, keng jamoatchilik, nuroniylar, yoshlar, OAV vakillari ishtirok etdi.

Tuman markazida qad rostlagan ushbu maskanda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, turli tanlovlar, ijodiy uchrashuvlar, kitob taqdimotlarini yuqori saviyada oʻtkazish imkoni mavjud. Sara kitoblar ilm muxlislari ixtiyorida. Xizmat xonalari zamonaviy jihozlar, kompyuterlar bilan taʼminlangan.

Maskan qurilish ishlariga 423 million soʻm mablagʻ sarflandi.

Tadbirda hozir boʻlganlar faoliyatdagi qulaylik yanada gʻayrat, shijoat bilan ishlashga undashini taʼkidlashdi.

Aytish oʻrinli, ayni paytda Qashqadaryoda foydalanishga topshirilgan maʼnaviyat maskanlari soni 7 taga yetdi.