Maʼnaviyat sarchashmasi

    Kitoblar maʼnaviyat sarchashmasi, maʼrifat yogʻdusi, madaniyat koʻzgusidir. Ayniqsa, kelajak avlodning ongu tafakkurini teranlashtirishda, aqlu idroki yana-da oʻtkirlashib, oʻy-fikrlari tozarib borishida va maʼnaviy barkamollikka erishishida kitobning oʻrni beqiyos.

    Poytaxtimizning soʻlim va maftunkor goʻshasi – Adiblar xiyobonidagi Alisher Navoiy haykali poyida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Soʻz chamani” rukni ostida chop etilgan kitoblar taqdimoti oʻtkazildi.

    Tadbirda soʻzga chiqqanlar davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusning toʻrtinchi bandi, yaʼni yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, kelajak avlod oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, istiqboldagi vazifalar va kelajakdagi maqsadli rejalar xususida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

    “Soʻz chamani” loyihasi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi va “Ijod” jamoat fondi homiyligida amalga oshirib kelinmoqda. Loyiha doirasidagi kitoblar “Akademnashr” nashriyotida chop etilmoqda.

    Hozir mazkur loyiha doirasida 20 ta asar chop etildi. Kitoblarning dastlabkisi Alisher Navoiy gʻazallaridan iborat. “Soʻz chamani” turkumidan “Soʻz sultoni” kitobi Lutfiy sheʼrlari asosida tuzilgan. Atoyi gʻazallaridan saralab olingan nashrni esa muhabbat, sadoqat, ezgulik va insoniylik xislatlarini oʻzida jamlagan nafis bir jamlanma deyish mumkin.

    Loyihaning yana bir risolasi otashqalb shoir, ilohiy muhabbat va maʼrifat sohibi Boborahim Mashrab sheʼrlariga bagʻishlangan, unga marhum olim Jaloliddin Yusufiy tomonidan jamlangan devon asos qilib olingan.

    Ozarbayjon xalqining otashin shoiri Muhammad Fuzuliy sheʼrlari jam boʻlgan risola ham sheʼriyat shaydolarining koʻnglidan munosib joy olishi shubhasiz. Majmuani tuzishda alloma Xolid Rasul nashridan foydalanilgan.

    Turkman xalqining otashin shoiri, barcha turkiy xalqlar uchun ardoqli va sevimli boʻlgan Maxtumquli sheʼrlaridan tuzilgan navbatdagi nashr ham oʻziga xos badiiy ahamiyatga ega.

    Bu kitoblarning har biri 4000 nusxada chop etilgan. Asarlarni nashrga Mirzo Kenjabek tayyorlagan va ilmiy-maʼrifiy izohlarga mualliflik qilgan.

    Kitoblar nafaqat yoshlarni, balki barchamizni tarbiyalashga qodir, yuksak marralarni zabt etishimizda koʻmakchidir.

    Zero, kitob tafakkur chirogʻi va maʼnaviy yoʻlboshchidir.

    Gulichehra DURDIYEVA