Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida

    Hujjatlar 26 Mart 2021 19221

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligi va taʼsirchanligini oshirish, koʻp millatli xalqimiz oʻrtasida hamjihatlik va hamkorlikni yana-da mustahkamlash, milliy qadriyat, anʼana va urf-odatlarni keng targʻib qilish, badiiy ijod va kitobxonlik madaniyatini faol qoʻllab-quvvatlash maqsadida:

    1. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “Ijod” jamoat fondi vasiylik kengashining:

    “Ijod” jamoat fondi tasarrufidagi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi poliklinikasi, “Doʻrmon” ijod uyidan foydalanish direksiyasi” unitar korxonasi va “Oqqum fayz baraka” shoʻba korxonasi hamda ularga tegishli boʻlgan barcha mol-mulk, bino va inshootlarni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga oʻtkazish;

    “Ijod” jamoat fondi negizida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzurida yuridik shaxs maqomisiz Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tashkil etish va ilovaga muvofiq uning vasiylik kengashi tarkibini tasdiqlash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

    2. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin:

    “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsepsiyasi” asosida maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta taʼlim, oʻrta maxsus va oliy taʼlim bosqichlari uchun metodik qoʻllanma, uslubiy tavsiyalar, maʼnaviy-axloqiy tarbiya nazariyasi va metodikasini boyitishga qaratilgan ilmiy-amaliy adabiyotlar yaratish, ularni nashr etish va joylarga yetkazish;

    milliy merosimiz, buyuk ajdodlarimizning jahon tamadduniga qoʻshgan ulkan hissalarini dunyo miqyosida keng targʻib qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

    sohaga “Raqamli targʻibot” tizimini joriy qilish maqsadida IT-parklar, innovatsion markazlar va frilanserlar bilan hamkorlikda mobil ilovalar, kompyuter oʻyinlari, animatsion mahsulotlar yaratish;

    joylarda maʼnaviy-maʼrifiy muhitni oʻrganish, hududiy maʼnaviyat va maʼrifat kengashlari faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashish, targʻibot-tashviqot ishlarining samaradorligini oshirish maqsadida tashkil etilgan ekspertlar guruhlarini qoʻllab-quvvatlash;

    maʼnaviy-maʼrifiy sohani, adabiyot va kitobxonlikni har tomonlama rivojlantirish, bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash;

    mamlakatimiz va xalqaro miqyosda ilmiy-maʼrifiy tadbirlar, adabiy anjumanlar, festivallar, tanlovlar, xalq sayillari, adabiy-musiqiy kechalar oʻtkazish;

    maʼnaviy-maʼrifiy, adabiy-badiiy kitob va plakatlar nashr etish, zamonaviy targʻibot vositalari va media mahsulotlar yaratish;

    Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi taʼlim muassasalari direktorlarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari va ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilar uchun qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etish;

    mahalliy hokimliklar bilan birgalikda olimlar va mutaxassislarni jalb etgan holda sohada faoliyat koʻrsatayotgan targʻibotchilar malakasini oshirishga qaratilgan seminar-treninglar tashkil qilish;

    maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni rivojlantirishga qaratilgan yangi loyihalar, kitob, risola va maqolalar, tadbirlar ssenariylarini yaratish boʻyicha ijtimoiy buyurtmalarni shakllantirish hamda bu ishlarga jalb etilgan olim va mutaxassislarni moddiy ragʻbatlantirish;

    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tavsiya etiladigan adiblarning ijod namunalarini, jumladan, yosh mualliflarning birinchi kitoblarini nashr etish;

    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolarining ijodiy kechalarini oʻtkazish, adabiyotimiz rivojiga munosib hissa qoʻshgan uyushma aʼzolariga moddiy yordam koʻrsatish;

    xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati, asriy anʼana va qadriyatlari tarannum etilgan, milliy maʼnaviyatimizning mazmun-mohiyati teran badiiy ifodasini topgan mumtoz va zamonaviy adabiyotimizning munosib namunalarini xorijiy tillarga tarjima qilish hamda jahon axborot tarmogʻida keng targʻib etish;

    milliy adabiyotni rivojlantirish, adabiy jamoatchilik tomonidan eʼtirof etilgan hamda mamlakat ijtimoiy hayotida muhim ahamiyatga ega boʻlgan badiiy asarlar mualliflarini moddiy jihatdan ragʻbatlantirish;

    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda uning taniqli aʼzolari ijodiy faoliyatiga bagʻishlangan veb-saytlarni yaratish va ularni yangilab borish;

    Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va ularning tizimidagi tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, xodimlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash.

    3. Quyidagilar jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

    Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar;

    jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

    xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari va imtiyozli kreditlari;

    vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklari depozitlariga joylashtirish hisobidan olingan daromadlar;

    qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

    4. Moliya vazirligi Jamgʻarmaga:

    2021-yilda 120 milliard soʻm, jumladan, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markaziga mamlakat miqyosida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni samarali tashkil etish uchun 10 milliard soʻm, uning hududiy boʻlimlariga joylarda maʼnaviy-maʼrifiy sohalarni rivojlantirish uchun 90 milliard soʻm, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun 20 milliard soʻm mablagʻ ajratsin;

    2022-yildan boshlab Jamgʻarma vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasi va prognoz koʻrsatkichlarga muvofiq mablagʻ ajratib borilishini taʼminlasin.

    5. Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasi vasiylik kengashi (A.N.Aripov):

    Jamgʻarma daromad va xarajatlari boʻyicha prognoz koʻrsatkichlarini har yili tasdiqlasin;

    Jamgʻarma zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun manfaatdor vazirlik va idoralarni jalb etsin;

    Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanish boʻyicha tizimli nazorat qilinishini taʼminlasin.

    6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-fevraldagi “Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzurida “Ijod” fondini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-1292-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

    7. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar haqida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,

    2021-yil 26-mart