Qonun loyihasi bilan “manafaatlar toʻqnashuvi” tushunchasiga aniq taʼrif berilib, ushbu vaziyat kimlar oʻrtasida va qachon vujudga kelishi mumkinligi toʻgʻrisida aniq koʻrsatib oʻtilmoqda.
Yangi qonunga koʻra, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimiga bir qator cheklovlar qoʻyilmoqda, deb yozadi deputat Rasul Kusherboyev.
Jumladan, ularga quyidagilar taʼqiqlanmoqda:
tijorat tashkilotlarining muassisi (aksiyadori, ishtirokchisi) boʻlishga, bundan aksiyadorlik jamiyatlarining erkin muomalada boʻlgan aksiyalarining oʻn foizgacha egalik qilish hollari mustasno;
oʻzi mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan tashkilotning nazorat ostidagi tashkilotlarining aksiyalariga yoki ustav fondidagi ulushlariga oʻzining yoki yaqin qarindoshlarining egalik qilishiga, shuningdek ushbu tashkilotlarning boshqaruv organi aʼzosi boʻlishiga, bundan bu faoliyat qonunchilikka muvofiq oʻz lavozim majburiyatlari hisoblanadigan hollar mustasno. Bunda shaxs oʻzi yoki yaqin qarindoshlari tegishli tashkilotlarining aksiyalariga yoki ustav fondidagi ulushlariga egalik qilgan yoxud mazkur tashkilotlarning boshqaruv organlari aʼzosi boʻla turib davlat organlarida va boshqa tashkilotlarda xodim lavozimini egallagan hollarda, ular ushbu aksiyalarni yoki ulushlarni qonunchilikda belgilangan tartibda bir oy ichida realizatsiya qilishi, boshqaruv organlarining aʼzoligidan chiqishi kerak;
oʻzi mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organlarida yoki boshqa tashkilotlarda oʻziga taalluqli boʻlgan ishlarni koʻrib chiqishda yoki oʻziga aloqador shaxslarga taalluqli boʻlgan ishlarni koʻrib chiqishda vakil sifatida ishtirok etishga, agar u qonunchilikka muvofiq qonuniy vakil boʻlmasa;
oʻzi mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organlarida yoki boshqa tashkilotlarning mol-mulkini sotib olishda yoki ijaraga olishda ishtirok etishiga, shuningdek ushbu savdolarda oʻziga aloqador shaxslarning ishtirok etish.
Shuningdek, davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning oʻzi bilan mehnat shartnomalari bekor qilingan yoki lavozimidan ozod etilgan xodimlari ikki yil davomida oxirgi ish joyida oʻzi bevosita yoki bilvosita nazoratni amalga oshirgan tashkilotlar yoki ularning tarkibiy tuzilmalari tomonidan ushbu xodim mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirgan tashkilotning korrupsiyaga qarshi nazorat boʻlinmasi mansabdor shaxslarning xulosasiga asosan ishga qabul qilinadi.
Muhokamalardan soʻng qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi va uchinchi oʻqishda qabul qilindi hamda Senatga yuborildi.