Hindistonning O'zbekistondagi elchisi Manish Prabhatning mamlakatimizdagi missiyasi yakunlandi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan matbuot anjumanida elchi janoblari Hindiston bilan munosatlarining eng yorqin qirralarini tahlil qilib, iqtisodiy, madaniy, harbiy, turizm, ta'lim texnika sohasidagi hamkorliklarga alohida to'xtaldi.
Endigi faoliyatini Kopengagenda davom ettiradigan Manish Prabhat O'zbekistodagi faoliyatining eng yodda qolarli voqeliklari orasida Navro'z bayrami, sumalakni o'zgacha hurmat bilan ta'rifladi. U O'zbekistonning Navro'zi, sumalagi butunlay boshqacha ekani, odamlarning milliylikka hurmati, jipsligini oshiradigan bu bayramni ko'rish nasib qilganidan xursandligini aytdi. Shuningdek, u mamlakatimizda faoliyat yuritar ekan, hech qanday qiyinchilikka duchor bo'lmagani, keyingi faoliyatida ham O'zbekistondagidek munosabatni istayotganini ham yashirmadi.
Quvonarlisi, Manish Prabhat anjuman davomida mamlakatimiz OAV vakillariga o'zining faoliyatini muntazam yoritib turgani, samimiy hamkorlik uchun qayta-qayta minnatdorlik bildirdi. O'z navbatida jurnalistlar ham elchining OAV vakillariga g'oyat ochiqligi, yaqinligini e'tirof etib, keyingi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladilar.
Munojat Mo'minova,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri