Mansabdor shaxslar jami 600 mln soʻm byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirib yubordi

    Samarqandda konsalting xizmati koʻrsatuvchi MCHJlar, “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJning mansabdor shaxslari va boshqalar eksport faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun ajratilgan mablagʻlarni oʻzlashtirib yuborganligi aniqlandi.

    Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, Samarqand viloyatidagi tadbirkorlik subyektlarining eksport faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ (sobiq Eksportni ragʻbatlantirish agentligi) tomonidan ajratilgan moliyaviy yordam mablagʻlarining maqsadli ishlatilishi holati oʻrganildi.

    Maʼlum boʻlishicha, AJ tomonidan 5 ta — “A.F” xususiy korxonasi, “Q.J”, “O.G”, “A.Sh” fermer xoʻjaliklari va “S.M.M” MCHJiga konsalting xizmati uchun 9 ta sertifikat olishga 709.0 mln soʻm subsidiya ajratilgan.

    Agentlik tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishda sertifikat olishga konsalting xizmati koʻrsatuvchi “W.M”, “D.Q.S” MCHJlar, shuningdek, “O.M.S. XK yuqorida qayd etilgan fermer xoʻjaliklari va MCHJga aslida koʻrsatilmagan konsalting xizmatlari uchun soxta hujjatlar tayyorlab, «Savdoni rivojlantirish kompaniyasi”ga taqdim etgan va jami 600 mln soʻm byudjet mablagʻlarini oʻz hisob raqamlariga oʻtkazishga erishganligi aniqlandi.

    Qayd etilgan holatlar boʻyicha ushbu konsalting xizmati koʻrsatuvchilar, “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJning mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

    Ayni paytda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.