Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar qildi.

Yigʻilishda Korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro standartlarini qonunchilikka implementatsiya qilishni davom ettirish boʻyicha yoʻl xaritasi loyihasi ham muhokama etildi. Loyihada korrupsiya xavf-xatariga eng koʻp duch keladigan davlat xizmatchilarining faoliyat sohalari va lavozimlari roʻyxatini shakllantish, xorijiy davlat mansabdor shaxslariga va xalqaro tashkilotlarining vakillariga pora berganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash, korrupsiya holatlari toʻgʻrisida anonim xabar yoʻllash va ularni koʻrib chiqish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish koʻzda tutilgan.

Shuningdek, Jinoyat kodeksiga mansabdor shaxs tomonidan noqonuniy tarzda boylik orttirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash, Xalqaro tashkilotlar tomonidan ajratilgan qarzlar va moliyaviy yordamlar sarfining oshkoraligini taʼminlash uchun ochiq maʼlumotlar bazasini shakllantirish masalalari ham oʻrin olgan.

Yigʻilishda korrupsiyaga qarshi kurashishda Milliy kengash va har bir idoraning faolligini oshirish boʻyicha bir qator muhim yoʻnalishlar belgilab olindi. Jumladan, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021–2025-yillarga moʻljallangan milliy strategiya loyihasini ishlab chiqishni tezlashtirish va uning loyihasini keng jamoatchilik, fuqarolar oʻrtasida ommaviy muhokamasini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Shuningdek, moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbalari hisobiga amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini majburiy ravishda korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish tartibini joriy qilish boʻyicha ishlarni jadallashtirish lozimligi qayd etildi.

9-dekabr — "Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash” kuniga bagʻishlab tashkil etilayotgan Antikorrupsiya haftaligi doirasidagi har bir tadbirda aholimizning faol ishtirokini taʼminlash masalasi ustuvor boʻlishi kerakligi taʼkidlandi

Koʻrib chiqilgan boshqa masalalar yuzasidan ham tegishli qaror qabul qilindi.