Mansabdorlar aybi bilan yetkazilgan zarar endi ularning oʻzidan undiriladi

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasida davlat organlari yoki mansabdor shaxslar tomonidan fuqarolar va tashkilotlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibiga oid qonun loyihasi koʻrib chiqildi.

    Hujjat uchinchi oʻqishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.

    Qonunga koʻra, agar davlat organi yoki mansabdor shaxsning noqonuniy qarori, harakati yoki harakatsizligi natijasida moddiy yoki maʼnaviy zarar yetkazilsa, uning oʻrni avval hududiy kompensatsiya jamgʻarmalari hisobidan qoplanadi.

    Keyinchalik aybdor mansabdor shaxsdan ushbu mablagʻlar toʻliq miqdorda regress tartibida undirib olinadi.

    Jamgʻarmalar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida tashkil etiladi.

    Parlamentda taʼkidlanishicha, mazkur hujjat fuqarolarning davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning noqonuniy qarorlari sabab yetkazilgan zarar uchun davlat tomonidan kompensatsiya olish konstitutsiyaviy huquqini kafolatlaydi. Shu bilan birga, aybdor mansabdor shaxs shaxsan javobgar boʻladi.