Mansabdorlar qancha miqdorgacha sovg‘a olishi mumkin?

    Davlat fuqarolik xizmatining barcha siyosiy guruhi, daraja va lavozimdagi davlat fuqarolik xizmatchilari uchun – BHMning 5 baravaridan (barcha soliqlar va yigʻimlarni hisobga olgan holda) koʻp boʻlmagan miqdorida sovgʻa olishiga ruxsat beriladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin boʻlgan sovgʻa qiymati, shuningdek, uni tasarruf etish tartibi toʻgʻrisida”gi hujjat loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga qoʻyildi.

    Nizom davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin boʻlgan sovgʻa qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibini belgilaydi.

    Nizomda davlat fuqarolik xizmatining barcha siyosiy guruhi, daraja va lavozimdagi davlat fuqarolik xizmatchilari uchun – BHMning 5 baravaridan (barcha soliqlar va yigʻimlarni hisobga olgan holda) koʻp boʻlmagan miqdorida sovgʻa olishiga ruxsat berilishi belgilanmoqda.

    Shuningdek, taqdim etilgan sovgʻa mehmon (mezbon) tomonning ramzlari va (yoki) logotipi tushirilgan esdalik sovgʻalar qiymati uchun miqdor belgilanmaydi va bunday sovgʻalar baholanmaydi.

    Qayd etilishicha, taqdim etilgan sovgʻa miqdori belgilangan miqdordan oshgan taqdirda, hadyaning oshgan qismi davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan davlat tashkilotiga toʻlash orqali tasarruf etishi mumkin.

    Shu bilan birga, sovgʻani qabul qilish yoki taqdim etish natijasida biror bir tarafning shaxsiy manfaatdorligini, shuningdek manfaatlar toʻqnashuvi yoki korrupsiyaviy xavf-xatarlarning kelib chiqishiga olib kelmasligi, xususan, davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatida xolis qaror qabul qilishiga taʼsir koʻrsatadigan majburiyatni yuzaga keltirmasligi lozim.