2025-yil 30-iyul kuni soat 17:32 da Toshkent shahar Qoʻriqlash boshqarmasiga Yashnobod tumanidagi qoʻriqda boʻlgan ofisdan tashvishli xabar kelib tushdi.
Tezkor harakatlanuvchi guruh xodimlari voqea joyiga yetib borib holatni oʻrganganida, ushbu ofisda qorovul boʻlib ishlovchi fuqaro M.M. ish beruvchi rahbaridan maoshini oshirishni talab qilgani, aks holda bolta orqali tan jarohati yetkazish bilan tahdid qilgani aniqlangan.
Qoʻriqlash xizmati xodimlari tomonidan fuqaroga qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralari haqida tushuntirish berilgan. Natijada, uning qoʻlidagi bolta, shuningdek sumkasi ichida boʻlgan pichoq ixtiyoriy ravishda olib qoʻyilgan.
Hodisa yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, ashyoviy dalillar bilan birgalikda sud organlariga yuborilgan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan huquqiy baho berish jarayonlari davom etmoqda.









