Maqsad – mavsumda uyushqoqlikni taʼminlash

    Sir emaski, majburiy va rejadan xoli erkin iqtisodiyot siyosati bugun nechogʻli toʻgʻri ekanligi sohalarda qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar, natijalarda namoyon boʻlmoqda.

    Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida paxta hosilini yigʻib-terib olish ishlari uyushqoqlik bilan jadal surʼatlarda boshlandi. Bunda nafaqat fermer xoʻjaliklari va klaster korxonalari ishchi-xizmatchilari, balki, ixtiyoriy ravishda qoʻshimcha daromad topish maqsadidagi ish bilan band boʻlmagan mehnatga layoqatli aholi ham faol ishtirok etmoqda.

    Bu bejiz emas, albatta. Chunki davlatimiz tomonidan paxta yigʻim-terimida faol qatnashayotgan terimchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzbekiston Respubliksi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-sentyabrdagi “2020-yil paxta hosilini yigʻib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

    Hech kimga sir emas, qayerdaki moddiy manfaatdorlik boʻlsa, oʻsha yerda ishning unumi, qilingan harakatning samarasi oʻzini koʻrsatadi. Bugun paxta dalalarida mehnat qilayotgan har bir terimchiga terilgan paxtasining puli oʻsha kunning oʻzida, dala boshida berib borilayotgani, ilgʻor terimchilar qoʻshimcha ragʻbatlantirilayotgani ularning kuchiga kuch, gʻayratiga gʻayrat qoʻshib, oʻzaro sogʻlom raqobatning shakllanishiga zamin yaratmoqda.

    Sir emaski, majburiy va rejadan xoli erkin iqtisodiyot siyosati bugun nechogʻli toʻgʻri ekanligi sohalarda qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar, natijalarda namoyon boʻlmoqda.

    Bugun dalaga kiradigan har bir fuqoroning mehnat muhofazasi taʼminlanmoqda. Shu bilan huquq va majburiyatlari, ishga yarasha haq olishlari ham ikki tomonlama shartnomada belgilab qoʻyildi. Terim mavsumidagi yangicha yondoshuv joylardagi paxta shtabi aʼzolari tomonidan fuqarolarga yetkazilmoqda va bu saʼy-harakatlar oʻz natijasini ham koʻrsatayapti.

    Gʻalla va paxtachilikda boy tajribaga ega Surxondaryo viloyati ahli 244 ming 800 tonnalik “oq oltin” xirmonini yaratish maqsadida 74 ming gektardan ortiq maydonga chigit qadagan. Oʻtgan davr mobaynida gʻoʻzani kultuvatsiya qilish, mineral va mahalliy oʻgʻitlar bilan oziqlantirish, sugʻorish, zararkunandalarga qarshi kurashish, defolatsiya tadbirlarini belgilangan vaqtda sifatli amalga oshirishga erishildi.

    Yana bir mavsumiy shaylik, dehqonning yaqin koʻmakchisi boʻlgan qishloq xoʻjalik texnikalarini mavsumga tayyorlash borasida ham aniq reja asosida ish olib borildi. Terimga jalb qilinadigan 1124 dona paxta tashish transportlari 1603 dona tirkamalar shay holatga keltirildi.

    Viloyatda 1518 ta terim otryadlari tuzildi. Otryatlar tarkibiga 10 ming nafarga yaqin uyushmagan va 8 ming nafardan ortiq “temir daftar”ga kiritilgan fuqarolar bor.