Soʻnggi yillarda mamlakatimizda — yangi Oʻzbekistonda yoshlarga munosabat butunlay oʻzgardi. Yoshlarga doir davlat siyosati asosida yosh avlodning hayotiy manfaatlarini taʼminlash, ularning ezgu orzu-intilishlari, qobiliyat va isteʼdodini roʻyobga chiqarishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy asoslar zamon bilan hamnafas takomillashib bormoqda.
Oʻgʻil-qizlarimizning ilgʻor bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi uchun yaratilayotgan sharoitlar natijasida koʻplab yoshlarimiz parlamentda, hukumat aʼzolari safida, davlat boshqaruvi organlarining masʼul lavozimlarida, zamonaviy korxonalarda samarali faoliyat olib borayotir. Ammo hozirgi sharoitda bu boradagi ishlar koʻlamini yana-da kengaytirish, yoshlar bandligini taʼminlashga gʻov boʻlayotgan muammolar, nuqson va kamchiliklarni tezkorlik bilan hal qilish zaruratini yuzaga keltirayapti.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham yosh avlod manfaatlariga qaratilgan muhim gʻoya va tashabbuslarni ilgari surib, bola tugʻilganidan boshlab, 30 yoshgacha boʻlgan davrda uni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydigan, hayotda munosib oʻrin topishi uchun koʻmak beradigan, yaxlit va uzluksiz tizim yaratilishini bildirgan edi.
Mamlakatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Agar katta avlodning bilimi va tajribasini, uzoqni koʻra olish fazilatlarini, yoshlarimizdagi gʻayrat-shijoat, mardlik va fidoyilik bilan birlashtira olsak, koʻzlagan marralarga albatta yetamiz. Yangi Oʻzbekistonni ana shunday bilimli va bunyodkor yoshlarimiz bilan birgalikda barpo etamiz”.
Bu borada boshlagan ishlarni davom ettirish va yangi, yuksak bosqichga koʻtarish maqsadida yurtboshimiz tomonidan 2021-yilga mamlakatimizda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nom berilishi zamirida ham ulkan maqsadlar mujassam.
Mamlakatimizda joriy yil yakuni bilan maktabgacha taʼlim qamrovini 65 foizga, 2023-yil oxirida esa 75 foizga yetkazish rejalashtirilayotgani, bu ishlarga byudjetdan 600 milliard soʻm subsidiya berish hisobidan qoʻshimcha ravishda 2 mingta nodavlat bogʻcha tashkil etilib, xususiy sektor ulushi 25 foizga yetkazilishi – Yangi Oʻzbekistonda ertangi kun egalariga boʻlgan munosabat tubdan oʻzgarayotganini, bu yoʻlda mablagʻlar, imkoniyatlar iqtisod qilinmayotganini koʻrsatmoqda.
Albatta bu, davlatimiz zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklashini koʻz oldimizga keltirsak, juda katta eʼtibor, gʻamxoʻrlikni talab etadi, ikkinchi tomondan yoshlarimizga koʻrsatiladigan eʼtibor, ertaga ulkan yutuq va natijalarini ham beradi. Zero, hozir Oʻzbekiston mehnat resurslarining yarmidan koʻpi yoshlardir. Kelgusida har uchinchi rahbar ham yoshlardan boʻladi. Bunga hech qanday shubha yoʻq.
Davlatimiz rahbari deyarli har bir maʼruzalarida bu masalaga toʻxtalib, yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan zamonaviy kasb-hunarlarga oʻrgatish, ularda tadbirkorlik koʻnikmalari va mehnatsevarlik fazilatlarini shakllantirish lozimligini bejiz taʼkidlamayapti. Chunki bugun yurtimizda aholining qariyb 55 foizini yoshlar tashkil etadi. Ayni damda 18-30 yoshlilar orasida rasmiy ishsizlik 17 foiz ekani bu borada yaqin va kelajakda emas, hozirdanoq zarur choralarni koʻrishni taqozo etadi. Shu bois, yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, ularni biznes bilan shugʻullanishga faol jalb qilish uchun yangicha tizim joriy qilinayotir.
Yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari muhokamasiga bagʻishlab joriy yil 27-yanvar kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida mamlakatimiz rahbari bu masalaga yana bir bor toʻxtalib, Murojaatnomada aytilgan takliflarni amalga oshirish, yoshlar bilan ishlash, ularning muammolarini bartaraf etish boʻyicha mutasaddilarga zarur koʻrsatmalar berdi.
Yigʻilishda joriy yilda 500 ming nafar yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish zarurligi, tuman va shaharlarda anʼanaviy yoki masofaviy oʻquv kurslarini koʻpaytirish orqali ular bandligini taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Shu bilan birga, “Yoshlar: 1+1” dasturi doirasida oʻgʻil-qizlarni tadbirkorlarga biriktirib, ularda biznes koʻnikmalarini shakllantirish, imtiyozli kreditlar ajratib, oʻz faoliyatini boshlashga koʻmaklashish zarurligi aytildi. Masalan, Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida dehqonchilik bilan shugʻullanish niyatida yurgan yoshlar juda koʻp. Boz ustiga, hududning yeri keng , ayniqsa, lalmi yerlar juda unumdor. Agar bu imkoniyatlardan yoshlar yana-da unumli foydalanishsa, nafaqat ichki bozorni, balki tashqi bozorni poliz, sabzavot hamda meva-cheva bilan taʼminlasa boʻladi.
Bu borada ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlab, yer osti quduqlari qurishga, qayta ishlash texnologiyalari xarid qilish va boshqa maqsadlar uchun imtiyozli kreditlar olishida qoʻllab-quvvatlash zarur boʻladi. Har 10 gektar ekin yeridan 1 gektarini yoshlarga dehqonchilik uchun ajratib, ularni ekin-tekin qilishi va daromad topishi uchun barcha choralarni koʻrish yaxshi samara beradi.
Yigʻilishda iqtidorli yoshlarni kashf qilish, ularning tashabbus va intilishlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Oʻzbekiston uchun 100 gʻoya” loyihasini ilgari surilgani ayni muddao boʻldi. Bundan buyogʻiga loyiha doirasida shahar va qishloqlardagi tashabbuskor yoshlarning iqtisodiyot, taʼlim, sport, sogʻliqni saqlash, axborot texnologiyalari kabi sohalardagi gʻoyalarini roʻyobga chiqarish uchun sharoit yaratiladi.
Xulosa oʻrnida aytganda, yoshlar bandligini ularga kredit berish bilan toʻla taʼminlab boʻlmaydi. Buning uchun ularni kasbga oʻqitish, tomorqa yerlariga boʻlgan munosabatni oʻzgartirish kerak. Xitoy faylasuflaridan biri aytganidek, “Och qolgan insonga baliq bersang, uning bir kunlik qornini toʻydirasan. Agar unga qarmoq berib, baliq ovlashga oʻrgatsang, uni bir umr ochlikdan qutqarasan”.Shu jihatdan, serhosil yerimiz, daromad olishga tomorqamiz bor ekan, yoshlarni mehnat qilishga, yerdan samarali foydalanishga oʻrgatishimiz zarur.
Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari