Maqsad, shijoat, fidoyilik va jasorat kerak!

    Davlatimiz rahbari 1-oktyabr Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bir guruh ziyolilar va oʻqituvchilar bilan uchrashuvda Buxoro viloyatining Qorakoʻl maktabida yoʻlga qoʻyilgan taʼlim metodikasini, ushbu taʼlim maskani erishayotgan katta yutuqlarni eʼtirof etib, har bir tuman va shaharda kamida bittadan mana shunday maktab yaratish choralarini koʻrish boʻyicha vazifalar belgilagan edi.

    Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bir guruh ziyolilar va oʻqituvchilar bilan uchrashuvda Buxoro viloyatining Qorakoʻl maktabida yoʻlga qoʻyilgan taʼlim metodikasini, ushbu taʼlim maskani erishayotgan katta yutuqlarni eʼtirof etib, har bir tuman va shaharda kamida bittadan mana shunday maktab yaratish choralarini koʻrish boʻyicha vazifalar belgilagan edi.

    Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatovning tashabbusi bilan Ohangaron shahri hokimi Akrom Eshonqulov boshchiligidagi delegatsiya joriy yilning 2-3-oktyabr kunlari Qorakoʻl tumanida boʻlib, Ohangaron shahrida ham Qorakoʻl maktabi tashkil etish toʻgʻrisida kelishib olishgan edi.

    Bugun Qorakoʻl maktabi direktori Timur Roʻziyev rahbarligidagi delegatsiya Ohangaron shahriga kelib, oʻqituvchilar bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuvda viloyat hokimligi, viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi, Ohangaron, Angren, Olmaliq shaharlari, Ohangaron tumani pedagoglari ishtirok etishdi.

    Samimiy suhbatlar davomida Timur Roʻziyev Qorakoʻl maktabining tashkil etilish tarixi, oʻqitish metodikasi, oʻquvchilarning erishgan yutuqlari toʻgʻrisida hamkasblariga soʻzlab berdi.

    -Joriy yilda yuz foiz oʻquvchilarimiz talaba boʻldi. Bu oʻz-oʻzidan boʻlgani yoʻq,deydi T. Roʻziyev. — Negaki maktabimizda “Bir soat oʻtilgan sifatsiz dars kelajakka qilingan xiyonatdir” degan shiorga amal qilinadi. Biz ota-ona-mahalla-maktab hamkorligini izchil yoʻlga qoʻyganmiz. Har hafta bu uchlik ishtirokida yutuqlarimiz, kamchiliklarimizni muhokama qilib olamiz. Qaysi bolada boʻshliq sezilsa, u bilan individual shugʻullanamiz. Maktabimizda alohida quticha tashkil etilgan. Har bir oʻqituvchi taʼlim jarayonini tashkil etish, oʻquvchilarni qiziqtirish borasidagi taklif va eʼtirozlarini yozib shu qutichaga tashlaydi. Biz har hafta ularni oʻrganamiz. Natija oʻz-oʻzidan kelmaydi. Buning uchun maqsad, shijoat, fidoyilik va jasorat kerak. Men bugun pedagoglarning koʻzida oʻsha oʻtni koʻryapman. Toshkent viloyatida albatta ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etiladi. Bu yoʻlda biz hamkorlik va koʻmakka tayyormiz.

    Shuningdek, uchrashuvda Qorakoʻl maktabi hayotidan tayyorlangan videorolik ham ishtirokchilarga namoyish qilindi.

    Ochiq muloqotda oʻqituvchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Tadbir yakunida mehmonlarga Ohangaron shahar hokimligining esdalik sovgʻalari taqdim qilindi.

    Shu kuni Ohangaron shahridagi ixtisoslashtirilgan maktab uchun moʻljallangan bino oʻrganilib, ilk rejalar belgilab olindi.