— Ohangaron tumani hokimining 2015-yil 25-dekabrda farmoyishi chiqdi. Katta tavakalchilik asosida “Yagona darcha” nima ekanligini tushunib tushinmay ish faoliyatimni boshladim. Dastlab kichkina jamoa bilan tumanning iqtisod qilingan mablagʻlari evaziga bizga topshirilgan binoni taʼmirladik, kerakli kompyuter qurilmalarini oʻrnatdik. Dastlabki kunlari tadbirkorlar va aholini “Yagona darcha” faoliyati bilan tanishtirish oson boʻlmadi.
— Ishni dastlab 16 ta faoliyat turini amalga tadbiq etishdan boshladik. Hamkor tashkilotlar bilan yangi tizimni yoʻlga qoʻyib olish oʻziga yarasha qiyinchiliklarni keltirib chiqardi. Shunday boʻlsada Ohangaron tuman markaz faoliyatini yoʻlga qoʻyib oldik.
— Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-dekabrdagi farmoni bilan Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilganligi, fuqarolarning davlat organlari bilan oʻzaro aloqasining yangi bosqichini boshlab berdi. Sohadagi ustuvor vazifalar sifatida davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida ularning sifati, tezkorligi, shaffofligi va foydalanish imkoniyatini tubdan oshirish imkoniyati yaratildi.
— Davlat xizmatlari agentligining tashkil etilishi faoliyatimizni yana-da kengaytirish imkoniyatini talab etar edi. Markaz uchun yangi zamonaviy bino barpo etish uchun tuman hokimlariga topshiriq berildi. Shuningdek, davlatimiz tomonidan har bir markazga aholiga yana-da qulaylik yaratish, joylarga chiqib sayyor xizmatlar koʻrsatish maqsadida “Damas” rusumli avtomashina ajratildi.
—2018-yil iyun oyida Davlatimiz rahbarining Ohangaron shahar Davlat xizmatlari markazi binosiga tashrif buyurdi. Menga Prezidentimizni yaqindan koʻrish, suhbatidan bahramand boʻlish baxti nasib etdi. Uchrashuv jarayonida kelgusida aholiga yana-da qulaylik yaratish maqsadida DXM filiallarini ochish, xalqimizga sharaf bilan xizmat koʻrsatish borasida topshiriqlar berdi.
— Tuman DXM binosini qurish yoki boʻsh turgan binoni rekonstruksiya qilish taklifi berildi. A-373 M-39 “Angren-Oʻsh” avtomobil yoʻli kengayib, “Yonariq” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi shirkat xoʻjaligi binosi DXM uchun rekonstruksiya qilishga ruxsat berildi. Tamirlash ishlari olib borilib, 2019-yilning dekabr oyida tuman DXM ning yangi, zamonaviy binosi oʻz faoliyatini boshladi.
— Bugun xalq bilan davlat oʻrtasidagi muloqot yangi bosqichga koʻtarildi. Fuqarolarning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin qilish, qulaylik yaratish va shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan davlat xizmatlarini koʻrsatishning yangicha tizimi hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Tadbirkorlikni rivojlantirish deysizmi, yangi ishlab chiqarish korxonalari ochish, elektron raqamli imzo kalitini olish deysizmi, qoʻyingki, har qanday yumush bilan markazga kelsangiz, ishingiz tez fursatda bitadi. Bunday sharoitda ishlash biz xodimlar uchun ham, markaz xizmatidan foydalanishga kelgan aholi uchun ham qulay boʻlib, koʻtarinki kayfiyat beradi.
— Oʻtgan uch yilimizni sarhisob qilsak, bugungi kunda mamlakatimiz boʻyicha jami davlat xizmatlari markazlari soni 201 tani tashkil qilib, respublikamizning har bir tumanida faoliyat yuritmoqda. 2018-yil boshida xalqimizga 33 ta davlat xizmatlari koʻrsatilgan boʻlsa, bugun davlat xizmatlari soni 140 dan oshdi. Joriy yilning oxiriga qadar markazlar orqali 160 dan ortiq shaffof, qulay va tezkor davlat xizmatlarini koʻrsatish rejalashtirilgan.
— Fuqarolar uchun yaratilgan yana bir qulaylik DXM, FXDYO, Adliya, Bosh vazir qabulxonalari bir joyda, bir vaqtda davlat xizmatlarini koʻrsatib kelmoqda.
— Ohangaron tuman Davlat xizmatlari markazi tomonidan 2018-yilda 10 ming 236 ta davlat xizmatlari koʻrsatilgan. 2019-yilda 28 ming 118 ta, joriy yilning oʻtgan 11 oyi davomida esa 16 ming 989 ta davlat xizmatlari koʻrsatildi. 463 ta yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etilib, ish oʻrinlari yaratildi.
— Hisoblab koʻrsak, oʻtgan 3 yil davomida markazimiz tomonidan jami 55ming343 ta davlat xizmatlari koʻrsatilgan. Bu raqamlar ortida qancha mehnat, qancha qiyinchiliklar turganligini bilish qiyin emas. Ushbu koʻrsatkichlarning oʻzi ham xalqimiz tomonidan Davlat xizmatlari markazlariga boʻlgan ishonchning tobora ortib borayotganligidan dalolat beradi.
— Bugun markazimizda tadbirkorlikni boshlash istagida boʻlganlar uchun qulay imkoniyatlar yaratilgan. Istalgan fuqaro yoki yurtimiz mehmonlaria atigi 30 daqiqa ichida davlat roʻyxatidan oʻtib, oʻzining qonuniy tadbirkorlik faoliyatini boshlashi mumkin. Oʻtgan vaqt mobaynida markazimizdan Xitoy, Janubiy Koreya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Rossiya kabi davlatlardan kelgan xorijiy investitsiya ishtirokidagi qoʻshma korxonalar davlat roʻyxatidan oʻtib, qoʻshma korxonalar faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Tumanda xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar soni 25 tani tashkil etib, shundan 10 tasi qoʻshma korxona, 15 tasi xorijiy korxonalardir. Mazkur korxonalarda bugun yuzlab tumanimiz aholisi mehnat qilmoqda.
— Bugungi kunda markazimiz tomonidan turli tashkilot va idoralarda sayyor qabullar oʻtkazilib, uchrashuvlar tashkil qilinmoqda. Maqsadimiz, xalqimizni rozi qilish, aholini markazimizdagi qulayliklar bilan yaqindan tanishtirish va ularning ogʻirini yengil qilishdir. Haftaning shanba va yakshanba kunlari tuman DXM xodimlari tomonidan sayyor targʻibot tadbirlari tashkil etilib, mahalla fuqarolar yigʻinlarida aholiga qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati, koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari, xizmatlardan onlayn foydalanish va uning afzalliklari toʻgʻrisida targʻibot tadbirlari ham oʻtkazib kelinmoqda.
— Bugun odamlarning gaplariga quloq solsangiz, hech boʻlmaganda bir marta boʻlsa ham Davlat xizmatlari markazlari haqida gapirishganiga guvoh boʻlasiz. Markazlarda tashrif buyuruvchilarga yaratilayotgan barcha qulayliklar asosan vaqtni tejash, turli ovoragarchilik va xarajatlarning oldini olish imkonini beradi. Shu bilan birga, koʻrsatilayotgan xizmatlarning aksariyati qisqa fursatlar ichida bajarilmoqda. Bu xizmatlardan hatto olis qishloq odamlari ham manfaatdor boʻlmoqda. Ular uchun yaratilgan shart-sharoit va imkoniyat shaharnikidan aslo qolishmaydi.
Shahlo KOʻCHIMOVA,
Ohangaron tumani
Davlat xizmatlari markazi direktori