Bu – hayotiy haqiqat. Mamlakatimiz rahbari ushbu so‘zlarni aytishi bilan, mamlakatimiz aholisi hayotida yuz berayotgan real o‘zgarishlarga e’tiborimizni jalb etmoqchidir balki. Xalqimiz turmushida, tafakkuridagi boyib borish albatta, qaysidir islohotlarning mevasi ekanligi ayni haqiqat. Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan 2023-yil 11-sentyabrdagi “O‘zbekiston-2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni ham avvalo, ana shu maqsaddan kelib chiqib uzoq muddatlarni ko‘zlab ishlab chiqilgan.

Rejali ish buzilmas, deydi dono xalqimiz. Mazkur strategiya ham o‘zida 100 ta maqsad, 369 ta chora-tadbir, 190 ta vazifa, 306 ta maqsadli ko‘rsatkich bajarilishi va bu borada 118 ta normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishini ko‘zda tutilgan. E’tiborli jihati shundaki, belgilangan maqsadlarning ta’lim tizimidagi islohotlardan boshlanishi va unda tizimning barcha bo‘g‘inlariga murojaat qilinganligidir.

Dastlabki maqsadlarga ko‘ra, maktabgacha ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish hamda bolalarning to‘liq qamrovini ta’minlash; umumiy o‘rta ta’lim tizimida “Ta’lim uchun qulay muhit” dasturini amalga oshirish; umumiy o‘rta ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish; pedagog kadrlar maqomini oshirish, ularning bilimi va malakasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish; umumiy o‘rta ta’limni rivojlantirish uchun xususiy sektorni keng jalb qilish; professional ta’lim tizimini rivojlantirish orqali o‘quvchilarni zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga o‘rgatish maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha rejalar ko‘zda tutilgan.

7-maqsadga ko‘ra, Oliy ta’lim bilan qamrovni kengaytirish, oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish rejasi bo‘yicha, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish;

Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarini oliy ma’lumotli pedagog kadrlar bilan to‘liq ta’minlash;

30 ta oliy ta’lim muassasasining ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish;

“Top-500”ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma ta’lim dasturi asosida “ikki diplomli tizim”ni joriy etish;

10 ta oliy ta’lim muassasasini dunyoning eng nufuzli “Top-1000” oliy ta’lim tashkilotlari reytingiga kiritishga erishish;

Oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish va ilmiy salohiyatni 70 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Ushbu rejaning amaliy ko‘rinishi sifatida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 21.06.2022 yildagi Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida PQ-289-son qarori bilan tashkil etilgan Guliston davlat pedagogika institutida 3809 ta bakalavriat, 60 ta magistrant, jami 3869 ta talaba qamrab olingan. Ilmiy salohiyatli professor-o‘qituvchilar ulushi 38 foizni tashkil etayotgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkichni 2030 yilda oliy 70 foizga yetkazish maqsad qilingan. 2023 yilda institutimizning 4 nafar professor-o‘qituvchilari dunyoning yetakchi universitetlari hamda ilmiy markazlarida o‘z malakalarini oshirib qaytgan bo‘lsa. 2024 yilda 16 nafar professor-o‘qituvchilar yuborilishi rejalashtirilgan.

8-maqsadga ko‘ra, Oliy ta’lim muassasalari tashkiliy-boshqaruv faoliyatini takomillashtirish, ularning moddiy-texnik ta’minotini mustahkamlash rejasi bo‘yicha, 5 ta oliy ta’lim muassasasini milliy tadqiqot oliygohlariga aylantirish;

Qo‘shimcha 120 ming o‘rinli o‘quv binolari hamda 150 ming o‘rinli talabalar turar joylarini qurish;

Kutubxonalarni kamida 1 millionta zamonaviy adabiyotlar bilan to‘ldirish va kutubxona fondini to‘liq raqamlashtirish kabi ko‘rsatgichlar rejalashtirilgan.

Ushbu rejaning amaliy ko‘rinishi sifatida, Guliston davlat pedagogika instituti hududida 1000 o‘rinli zamonaviy jihozlangan o‘quv binosi qurilish ishlari olib borilmoqda va 2024/2025-o‘quv yilida foydalanishga topshirish maqsad qilingan. Shu bilan birga, institutning kutubxonasi yangidan shakllantirilib, mavjud yo‘nalishlar kesimidan o‘quv adabiyotlari bilan to‘ldirib borilmoqda. ARM fondi hozirgi kunda 1285 nomda 4406 nusxada adabiyotlar mavjud va 2024-yil 1-choragi bo‘yicha ARM fondiga 186 nomda 1215 nusxada yangi adabiyotlar boyitildi.

Shu bilan birga, fundamental tadqiqotlarni zamon talablaridan kelib chiqib yangi yo‘nalishlar bilan boyitish; iqtisodiyotning eng tez o‘sib borayotgan yo‘nalishlarida amaliy tadqiqotlarni kuchaytirish, “korxona – oliygoh – ilmiy tashkilot” klaster tizimini joriy etish; yosh tadqiqotchilarning ulushini oshirish, ularning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash; barcha yo‘nalishlarda innovatsion faoliyatni keng joriy etish, ilmiy tadqiqotlarni va innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash rejalarini ham bosqichma-bosqich amalga oshirib boriladi.

Har bir inson alohida salohiyat va qobiliyat egasi sifatida olinadiga bo‘lsa va bu alohidalikni ayni ta’lim tizimi shakllantirib berishi inobatga olinsa, unda tizim har bir bo‘lagining ahamiyati yaqqolroq namoyon bo‘lib boraveradi. Shu bilan birga Oliy ta’lim ushbu salohiyatni ro‘yobga chiqarish uchun maydon vazifasini bajarib berishi mumkin. Bugun ushbu sohadagi natijalarni kuzatadigan bo‘lsak, yuqoridagi maqsadlarning ro‘yobini ko‘rish mumkin. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi bajarish barobarida jamiyatimiz va davlatimizning ko‘zlangan natijalarida har bir fuqaroning ishtiroki maqsadlarga yetishimizni mustahkamlagan bo‘lar edi.

 

Sh.Norqulov,

Guliston davlat pedagogika instituti pedagogika fakulteti dekani, dotsent