Marburg virusi qurbonlari soni ortmoqda

    Joriy yil fevral oyida Ekvatorial Gvineyada ilk bor aniqlangan Marburg virusi to‘qqiz kishining o‘limiga sabab bo‘lgandi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus bu yerda epidemiya oqibatida bemorlar soni yana to‘qqiz nafarga ko‘payib, yetti kishi hayotdan ko‘z yumganini maʼlum qildi.

    “Yangi holatlar bir-biridan 150 km masofada joylashgan uchta viloyatda ro‘yxatga olingan, – deydi JSST rahbari. – Bu – virus ancha keng miqyosda tarqalayotganini anglatadi”.

    Shuningdek, ushbu xavfli kasallik Sharqiy Afrika mintaqasida joylashgan Tanzaniya davlatining sakkiz fuqarosida ham qayd etildi. Ulardan besh nafari vafot etdi. Bu holatlarning barchasi respublikaning bir viloyatida aniqlangan.

    Hozir uch nafar bemor shifoxonada. Ulardan bir nafari — tibbiyot xodimi. Shuningdek, yana bir shifokor vafot etgan.

    T. Gebreyesusning taʼkidlashicha, JSST ekspertlari to‘rtta vaksinaga doir maʼlumotlarni ko‘rib chiqdi. Ularning sinov protokollari tayyor.

    Mutaxassislarning taʼkidlashicha, Marburg virusi Ebola singari o‘ta yuqumli bo‘lib, hozircha tasdiqlangan davo muolajalari mavjud emas. U ko‘rshapalaklardan hamda infeksiyaga chalingan bemorlardan ajraladigan biologik suyuqliklar (qon, tupik, peshob) bilan bevosita aloqa qilish, shuningdek, turli jismlar yuzalari orqali faol tarqaladi.