Mard  askarga  munosib  sovg'a

    Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tashabbusi asosida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Mudofaa va Madaniyat vazirliklari hamda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi bilan hamkorlikda “Mard askarga sovg'a” turkumida ixcham kitoblarni nashr etish yo'lga qo'yildi.

    Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tashabbusi asosida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Mudofaa va Madaniyat vazirliklari hamda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi bilan hamkorlikda “Mard askarga sovg'a” turkumida ixcham kitoblarni nashr etish yo'lga qo'yildi.

    Shu yilning 5-avgust kuni O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida ushbu turkumda chop etilgan dastlabki 11 nomdagi kitoblar taqdimot marosimi o'tkazildi. Unda Mudofaa vazirligi mas'ul xodimlari, ofitserlar, serjantlar, harbiy ta'lim muassasalari va “Temurbeklar maktablari” kursantlari, muddatli harbiy xizmatchilar, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a'zolari, vazirlik faxriylari, taniqli shoir va yozuvchilar, san'atkorlar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

    Tadbir videokonferents-aloqa tizimi orqali Mudofaa vazirligining tegishli harbiy okruglari xizmatchilariga ham onlayn namoyish qilindi.

    So'nggi yillarda Qurolli Kuchlar tizimida olib borilayotgan yangicha islohotlar tufayli yurtimizda shakllangan “Xalq bilan armiya – bir tanu bir jon” degan ezgu an'ana, ayniqsa, ijodkorlarimiz va harbiy xizmatchilar orasida tobora mustahkamlanib bormoqda.

    “Mard askarga sovg'a” turkumidagi to'plamlarda iste'dodli adiblarimizning yuksak insoniy fazilatlar tarannum etilgan eng sara hikoyalari, she'r va dostonlaridan parchalar, shu mavzudagi mashhur qo'shiqlar matnlari jamlangan.

    Ularning barchasi yurt himoyachilarini yuksak vatanparvarlik, jasorat va matonat, fidoyilikka da'vat etadi.

    “Mard askarga sovg'a” loyihasini muntazam davom ettirish va ushbu kitoblarni tez orada barcha harbiy qismlar va okruglar, harbiy ta'lim muassasalariga etkazish rejalashtirilgan.

    Taqdimot marosimida so'zga chiqqan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov, O'zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, O'zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo, taniqli shoirlar Zebo Mirzaeva, Suxrob Ziyo va boshqalar ixcham va qulay hajmda nashr etilayotgan ushbu kitoblar askar va kursantlarning doimiy hamrohiga aylanib, ularni ona Vatanimizga munosib farzand bo'lishga, el-yurtimiz ozodligi, xalqimiz farovonligi uchun kurashishga, mana shu yo'lda jon fido etgan buyuk ajdodlarimiz va qahramon yurtdoshlarimizga munosib bo'lishga da'vat etishiga ishonch bildirdilar.

    Tadbirda O'zbekiston xalq artistlari Muhammadali Abduqunduzov, Ozodbek Nazarbekov, Gulsanam Mamazoitova, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artistlar Azim Mullaxonov, Toshpo'lat Matkarimov va boshqa san'atkorlar tomonidan ijro etilgan sahna ko'rinishlari va qo'shiqlar yig'ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

    Bahodir o'g'lonlarga bag'ishlangan kitoblar

    Xayriddin SULTONOV,

    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi

    Joriy yilning yanvar` oyida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo'mondoni Shavkat Mirziyoev tomonidan Xavfsizlik Kengashining kengaytirilgan yig'ilishida mamlakatimiz Qurolli Kuchlarini yanada isloh qilish, jumladan, harbiy kadrlarni tayyorlash, ularning jangovar ruhini oshirish, yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik va ma'naviy-axloqiy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ular qalbida ona yurtga sadoqat, mardlik va jasorat tuyg'ularini mustahkamlash, bu borada ta'sirchan targ'ibot ishlarini olib borish borasida bir qator muhim vazifalar belgilab berilgan edi.

    Davlatimiz rahbarining topshiriqlariga binoan, O'zbekiston Respublikasi Mudofaa va Madaniyat vazirliklari, Yozuvchilar uyushmasi, Ma'naviyat va ma'rifat kengashi tomonidan ushbu yo'nalishda alohida dastur ishlab chiqilib, qabul qilindi. Ana shu dastur doirasida Qurolli Kuchlar tizimi harbiy xizmatchilari, harbiy ta'lim muassasalari kursantlari uchun “Mard askarga sovg'a” turkumida ixcham kitoblarni nashr etish yo'lga qo'yildi.

    Ayni vaqtda ushbu turkumdagi dastlabki 11 ta kitob nashrga tayyorlanib, jami 35 ming nusxada chop etildi.

    Hammamizga ma'lumki, so'nggi yillarda Qurolli Kuchlar tizimida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar tufayli yurtimizda “Xalq bilan armiya – bir tanu bir jon” degan ezgu tamoyil tobora mustahkam qaror topmoqda. Xalq va armiya o'rtasida qaror topayotgan mana shunday yakdillik, ayniqsa, ijodkorlarimiz va harbiy xizmatchilar orasida tobora mustahkamlanib borayotgani barchamizni mamnun etadi.

    Bugungi kunda shoir va yozuvchilarimiz, san'atkorlarimiz, teatr va kino aktyorlari, rassomlar doimiy ravishda harbiy qismlarda bo'lib, askarlar bilan samimiy uchrashuvlar o'tkazmoqda. Zamonamiz qahramonlari bo'lgan mard va vatanparvar harbiylarimiz haqida turli badiiy asarlar yaratilmoqda. Mudofaa vazirligi qoshida tuzilgan Jamoatchilik kengashida ko'plab taniqli ijodkorlarimiz ham faoliyat olib bormoqda.

    Yaqinda dunyo yuzini ko'rgan “Mard askarga sovg'a” turkumidagi kitoblarni ana shu hamkorlikning izchil davomi sifatida baholasak, adashmagan bo'lamiz.

    O'z hayotini dunyodagi eng sharafli va muqaddas vazifaga – Vatan himoyaga bag'ishlagan harbiy xizmatchilarimiz va ijodkor ziyolilarimiz o'rtasida mana shunday yakdillik va hamkorlik tobora kuchayib borayotgani juda e'tiborlidir.

    Tariximizning qaysi davrini olmaylik, xalqimiz azaldan o'z hayotining qalqoni bo'lgan, uni turli balo-qazolardan himoya qiladigan, egniga harbiy libos kiygan o'g'lonlariga hamisha katta ishonch va hurmat bilan munosabatda bo'lganini ko'ramiz.

    “Mard askarga sovg'a” turkumidagi kitoblardan o'rin olgan eng sara she'r va hikoyalarni o'qib, bu haqiqatga yana bir bor ishonch hosil qilish mumkin.

    Jasorat, mardlik, qahramonlik va bahodirlikni, qo'liga qurol tutgan Vatan himoyachisini ulug'lash, unga mehr-e'tibor ko'rsatish – adabiyot va san'atimizning doimo bosh mavzularidan bo'lib keladi.

    Yodingizda bo'lsa, mashhur “Alpomish” dostonida Barchin o'ziga sovchi qo'ygan alp o'g'lonlar oldiga og'ir shart qo'yadi.

    Ya'ni:

    “Ming qadamdan mis tangani urganga –

    Men tegaman mana shunday merganga”, deydi.

    Endi, ming qadamdan o'q-yoy bilan mis tangani bexato urish uchun yigit albatta, hozirgi til bilan aytganda, mohir snayper bo'lishi kerak.

    Shu nuqtai nazardan qaraganda, bugun qadrli harbiylarimizga taqdim etilayotgan ushbu turkumning “Mard askarga sovg'a” deb nomlanishida albatta chuqur ma'no bor. Bu kitoblar mardlarning mardlariga, botirlarning ham eng botirlariga bag'ishlanadi.

    Ayni vaqtda, ushbu kitoblardan o'rin olgan go'zal va etuk asarlar mualliflari ham – hazrat Alisher Navoiydan tortib Muhammad Yusufgacha, Bobur Mirzodan tortib Alisher Ibodinovgacha, Zulfiyaxonimdan tortib Zebo Mirzaevagacha – barcha-barchalari so'z lashkarining shijoatli jangchilaridir. Ularning eng kuchli, eng ta'sirchan asarlari, shuningdek, Madaniyat vazirligi tomonidan tayyorlangan harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi yorqin qo'shiqlar to'plami bundan buyon mard askar va serjantlar, ofitser va generallarimizning ma'naviy hamrohiga aylanadi, ularni doimo yuksak marralarga ruhlantirishga xizmat qiladi, deb ishonamiz.

    Bugungi kunda dunyoda va mintaqamizda turli xavf-xatar va tahdidlar, qurolli to'qnashuvlar tobora kuchayib borayotgan bir davrda yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlash, shu maqsadda Qurolli Kuchlarimizning qudrati va salohiyatini oshirish, harbiy xizmatchilarning vatanparvarlik tuyg'usi va jangovar ruhini yuksaltirish hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Bunga barchamiz – mana shu go'zal va betakror yurtda, jonajon O'zbekistonimizda yashayotgan, millati, tili va dinidan qat'iy nazar, har bir fuqaro, har bir vatandoshimiz nafaqat guvohmiz, balki birinchi navbatda mas'uldirmiz.

    Mir Alisher Navoiy qanday buyuk gumanist inson bo'lgani tarixdan yaxshi ma'lum. Ul zotning safar chog'ida chodiriga in qo'ygan musicha uyasini buzdirmasdan, qush toki polaponlarini uchirma qilib ketguniga qadar kutgani tillarda doston bo'lgan. Ammo shunday beozor inson ham yurt boshiga ish tushganida, el-ulus tinchligiga xavf tug'ilganida qo'liga qilich olib jangga kirganki, bu uning nafaqat so'z mulkining, ayni vaqtda harb jabhasining ham amiri bo'lganidan dalolat beradi va barchamizni ajdodlar jasoratidan ibrat olishga undaydi.

    Harbiy xizmatchilarimizga yaxshi ma'lumki, eng kichik harbiy guruh, ya'ni bo'linma 11 kishidan tashkil topadi. Shu ma'noda, “Mard askarga sovg'a” turkumidagi dastlabki 11 ta kitobni majoziy ma'noda badiiy adabiyotimizning 11 nomdan iborat kichik bir bo'linmasi, deyish mumkin.

    Mudofaa vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi hamkorligida “Mard askarga sovg'a” loyihasini muntazam davom ettirish va ushbu kitoblarni tez orada barcha harbiy qismlar va okruglar, harbiylashtirilgan ta'lim muassasalariga etkazish rejalashtirilgan.

    O'ylaymizki, ixcham va qulay hajmda nashr etilayotgan ushbu kitoblar askar va kursantlarning doimiy hamrohiga aylanib, ularni ona Vatanimizga munosib farzand bo'lishga, el-yurtimiz ozodligi, xalqimiz farovonligi uchun kurashishga, mana shu yo'lda jon fido etgan buyuk ajdodlarimiz va qahramon yurtdoshlarimizga munosib bo'lishga da'vat etadi.

    “Milliy ruh – yengilmas kuch”

    Bahodir QURBONOV,

    O'zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri

    Bugungi kunda milliy armiyamiz harbiy xizmatchilari ongiga Vatanimiz daxlsizligini, milliy mustaqilligimizni ko'z qorachig'iday asrash, har qanday tajovuzga qarshi mardonavor kurashish, yurt himoyachisi nomini sharaf bilan oqlashdek sharafli g'oyani, milliy g'urur va jangovar ruhni chuqur singdirish – Qurolli Kuchlarda yuqori jangovar shaylik, barqaror axloqiy-ruhiy holat hamda shaxsiy tarkibning g'alabaga bo'lgan mustahkam ishonchini ta'minlashning eng muhim sharti hisoblanadi.

    Shu bois, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qo'mondoni Shavkat Mirziyoev rahbarligida so'nggi yillarda milliy armiyamizning jangovar qobiliyati va uning ma'naviy qiyofasini tubdan o'zgartirish borasida keng qo'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Bu o'rinda birgina misol. Davlatimiz rahbarining 2021-yil 30-noyabr` kuni “O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo'shinlarida “Amir Temur jangovar bayrog'i uchun” musobaqasini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori qo'shinlarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar uchun dasturilamal bo'ldi.

    Bundan tashqari, harbiy xizmatchilar o'rtasida o'zaro ijobiy tajriba almashish va sog'lom raqobat muhitini shakllantirish, ularning jangovar va kasbiy tayyorgarligini, o'ziga ishonchini mustahkamlash maqsadida “Men g'olib” shiori ostida 90 ga yaqin armiya o'yinlari o'tkazilishi yo'lga qo'yildi.

    Amalga oshirilgan ana shunday ishlar natijasida bilagi kuchga to'lgan, o'ziga ishonchi mustahkam bo'lgan o'g'lonlarimiz Xalqaro armiya o'yinlarida, shuningdek, AQSh, Turkiya, Buyuk Britaniya va boshqa bir qator etakchi xorijiy davlatlarda turli mutaxassislar o'rtasida o'tkazib kelinayotgan nufuzli halqaro tanlov va musobaqalarda g'oliblikni qo'lga kiritib, hech kimdan kam emasligini yaqqol namoyon etishmoqda.

    Albatta erishilgan bunday yutuqlar hammamizga katta g'urur va iftixor bag'ishlab, kuchimizga kuch va g'ayrat qo'shadi.

    Davlatimiz rahbarining: “Har bir askar va serjantda, ofitser va generalda, butun shaxsiy tarkibda milliy ruh va g'urur kuchli bo'lishi kerak. Milliy ruh – bu yengilmas kuch”, degan fikrlarida katta hayotiy haqiqat mujassam. Zero, chinakam Vatan himoyachisi bo'lish uchun askarlar nafaqat harbiy sir-sinoatlarni egallashi, shuningdek, ma'nan barkamol va ruhan tetik bo'lishlari darkor. Aynan ma'naviyat va ma'rifat, milliy o'zligimizni anglash orqali haqiqiy vatanparvar, yurtga sodiq o'g'lonlarni tarbiyalab voyaga etkazish, halqimizning ma'naviy va milliy dunyoqarashini yuksaltirishga erishishimiz mumkin. Bu borada, hech shubhasiz, adiblarimiz tomonidan yaratilayotgan badiiy asarlarning o'rni, xizmati beqiyosdir.

    Men fursatdan foydalanib, hurmatli yozuvchi va shoirlarimiz, madaniyat va san'at namoyandalariga “Mard askarga sovg'a” turkumidagi mana shunday dolzarb mavzudagi kitoblarni tayyorlab bizga taqdim etayotgani, milliy armiyamizning ma'naviy qiyofasini yuksaltirish, uning jangovar ruhini mustahkamlash yo'lidagi katta xizmatlari uchun barcha harbiylarimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman.

    Vatanparvarlik – eng muhim omil

    Baxtiyor NURILLAEV,

    oddiy askar

    Inson tafakkurining yuksalishida kitobning o'rni va ahamiyati beqiyos. Shu bois, muhtaram Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo'mondoni Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusda kitob mutolaasiga alohida e'tibor qaratilgan. Inson kitob mutolaa qilar ekan, uning ongi va tafakkuri yuksaladi, insonparvarlik, mehr-oqibat, yaxshilik, xalollik va poklik kabi olijanob his-tuyg'ular, shuningdek, inson xarakteri va turmush tarzida zarur bo'ladigan ijobiy xatti-harakat shakllanadi, rivojlanadi.

    Qurolli Kuchlar akademiyasida bo'lib o'tgan “Mard askarga sovg'a” kitoblar taqdimotida ishtirok etib, harbiy xizmatchining ongi va tafakkuri, milliy ruhi va g'ururi yuksalishi, qiyin va og'ir vaziyatlarda to'g'ri va oqilona qaror qabul qila olishi, o'ziga ishonchi ortishida qadimiy va boy tariximiz, milliy urf-odatlarimiz, adabiyot va san'atimiz beqiyos o'rin tutishiga yana bir bor ishonch hosil qildim.

    Armiyaning kuchi va qudratini belgilaydigan eng muhim omillardan biri askarlar qalbidagi vatanparvarlik tuyg'usi bilan bevosita bog'liq ekanini inobatga olgan holda, “Mard askarga sovg'a” loyihasini muntazam davom ettirish lozim, deb xisoblayman. Ushbu kitoblar men va safdoshlarimni hamisha el-yurt himoyasiga shay turishga, Vatanimiz ozodligi, xalqimiz farovonligi yo'lida jon fido etgan buyuk ajdodlarimiz va qahramon yurtdoshlarimizga munosib izdosh bo'lishga da'vat etib turadi.

    Katta taassurot uyg'otmoqda

    Asadbek ABDUSATTOROV,

    Qurolli Kuchlar akademiyasi kursanti

    Jangda dushman ustidan g'alaba qozonish, dushmanga munosib zarba berish uchun harbiy xizmatchi jismonan baquvvat bo'lishi shart. Biroq jangchi jismoniy jihatdan kuchli bo'lib, ammo unda milliy g'urur va jangovar ruh shakllanmagan bo'lsa, mag'lubiyatga yuz tutishi muqarrar.

    “Harbiy xizmatchida milliy g'urur va jangovar ruh qanday paydo bo'ladi? Buning uchun nima qilish kerak?” – degan savollarga biz “Mard askarga sovg'a” kitoblar taqdimotida javob oldik, desam, mubolag'a bo'lmaydi.

    Ushbu tadbirda men harbiy xizmatchida milliy g'urur, jangovar ruh shakllanishi va rivojlanishida shoir va yozuvchilarimiz, san'atkorlarimiz, teatr va kino aktyorlarining o'rni beqiyos ekanini ko'rdim.

    Bu kitoblarda jamlangan ona Vatanga sadoqat, fidoyilik, mardlik va jasorat kabi fazilatlar tarannum etilgan eng sara hikoyalar, she'r va dostonlar bizda katta taassurot uyg'otmoqda.

    Bu kitoblardan akademiyada bo'lib o'tadigan turli madaniy-ma'rifiy tadbirlar, sport musobaqalari, jismoniy mashg'ulotlar, park-xo'jalik kunlari va dam olish soatlarida keng foydalanishni yo'lga qo'yamiz.

    Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!

    Sirojiddin SAYYID,

    O'zbekiston xalq shoiri

    Bu dunyoda kurash ketar tunu kun,

    Har qarich ong, har bir qarich qalb uchun.

    Uyg'on, bolam, eng bebaho baxt uchun ‒

    Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun.

    Jaholatning bayrog'i ham qoradir,

    Inson yashar yorug'lik barhaq uchun.

    Har o'g'il-qiz, bilsang, jigarporadir ‒

    Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun.

    Oshu non deb nom sotganlar, ayo, siz,

    O'ylamangkim ro'zg'orlari talx uchun,

    Kurash ketar tinimsiz va ayovsiz ‒

    Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun.

    Razolat tinch turmas axir hech qachon,

    Otlanganday har tong harbu zarb uchun,

    Hushyor bo'lgil, bedor bo'lgil, bolajon ‒

    Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun.

    Bobolaring xokin borib surishtir,

    Tug'lariyu tug'rolarni ko'r kuchin:

    Umrlari boshdan oyoq kurashdir ‒

    Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun.

    Ma'rifatdan najot izla, ista kom,

    O'qigan har bir kitobing bir ustun,

    Bir qo'rg'ondir, mustahkam bir istehkom ‒

    Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun.

    Davr sendan shiddat kutar, jadal qil,

    Yosh joningga shuncha tahdid, xavf uchun,

    Umringni har onin jangu jadal bil ‒

    Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun.

    Shu millatning ko'rki sensan, naqshi sen,

    Jismu joning safarbar et, qalq butun.

    Yovuzlikka o'zing turgin qarshi sen ‒

    Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun.

    Elning sha'nu shavkati ham ziyosi

    So'nmas aslo to bor ekan bu ochun.

    To uyg'oqdir har bir ko'zi qarosi ‒

    Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun.

    El aziz, inson aziz

    Iqbol MIRZO,

    O'zbekiston xalq shoiri

    Mo''tabar merosdir bizga: er aziz, osmon aziz.

    Bu muqaddas yurtimizda el aziz, inson aziz.

    Tabarruk tuproqda ungan maysalar ham to'tiyo,

    Bog'bon mehri birla boqsang, gul aziz, bo'ston aziz.

    Beqadr kechdi zamonlar, beqadr o'tdi bashar.

    Qadr topgan shul davrni bil aziz, davron aziz.

    Imonli sevgay Vatanni, imonsizlar bevatan.

    Muhaddislar yurtidir bu, dil aziz, imon aziz.

    Azizim, qardosh do'stim, bog'imizdir muntazir,

    Mehmondo'st o'zbek eliga kel, aziz, mehmon aziz.

    Qutlug' Vatanning madhiga qo'lda sozim tinmagay

    Aziz yurtdan ilhom olsang, she'r aziz, doston aziz.

    Mo''tabar merosdir bizga: er aziz, osmon aziz.

    Bu Yangi O'zbekistonda el aziz, inson aziz.