YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etilgan, 12-oktyabrdan 22-oktyabrga qadar boʻlib oʻtadigan tadbirlarda mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan 60 dan ziyod hunarmandlar va dizaynerlar ishtirok etadi.
YUNESKOning Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda amalga oshirayotgan “Afgʻoniston, Markaziy Osiyo va Eronda Ipak yoʻli merosi yoʻlaklari — Yevropa madaniy merosi yilining xalqaro jihatlari” qoʻshma loyihasi doirasida tashkil etilayotgan ushbu treninglar Respublika “Hunarmand” uyushmasi hamda Margʻilon shahridagi Hunarmandlar markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilyapti.
10 kun davomida ishtirokchilar anʼanaviy hunarmandchilikni saqlash va qayta tiklash, zamonaviy liboslar namoyishida anʼanaviy amaliy sanʼatning oʻrnini kuchaytirish, hunarmandchilikda samarali menejment va marketing, mahsulotlar reklamasida internet va ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan foydalanish kabi nazariy mashgʻulotlar bilan birga, anʼanaviy kashtachilik, qoʻlda gilam toʻqish, milliy matolarni boʻyash, etno-dizayn kabi mavzularda amaliy mashgʻulotlar oʻtkazadi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.